TOShKENT, 21-may — Sputnik. Rossiya Yaponiya bilan muzokara olib borishga tayyor, shu jumladan tinchlik bitimi haqida ham, deb ta’kidladi Vladimir Putin ASEN sammiti yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot-anjumanida, RIA Novosti xabari asosida.
Kuril orollari masalasida Yaponiya bilan savdolashish ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, Vladimir Putin Rossiya hech narsani sotmaydi, deb aytdi.
"Biz ko‘p narsani sotib olishga tayyormiz, ammo hech narsani sotmaymiz. Biz barcha hamkorlarimiz bilan muzokara olib borishni, shu jumladan, Yaponiya bilan ham hududiy masalani kelishib olishni nazarda tutuvchi tinchlik bitimini imzolashni xohlaymiz va bunga tayyormiz", — dedi Putin.
Rossiya prezidenti Kuril orollari masalasini ikkiyoqlama hamkorlik bilan bog‘lamasligini ta’kidladi.
"Yana bir marta takrorlab o‘taman, biz Yaponiya bilan shunchaki munosabatlarni rivojlantirish tarafdorimiz. Chunki Yaponiya Osiyo va Tinch okeani mintaqasida, shuningdek butun dunyoda muhim hamkorlardan biridir", — deb ta’kidladi Rossiya rahbari.
Rossiya va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarning to‘liq tartibga solinishi va tinchlik bitimining imzolanishiga janubiy Kuril orollariga egalik qilish masalasi xalal bermoqda.
Yaponiya va Rossiya o‘rtasidagi hududiy bahs Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri davom etadi — urush yakunlariga ko‘ra, Kuril orollari butunligicha SSSR tarkibiga qo‘shib olingandi.
Biroq Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai orollari guruhiga Yaponiya muntazam ravishda da’vo qilib keladi.