Tohir Malik aytadigan gapi bo‘lgandagina qo‘liga qalam olardi - Ulug‘bek Hamdam

© Toxir Malik / FbPisatel Toxir Malik
Pisatel Toxir Malik  - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Tohir Malik ijodi nimasi bilan ajralib turardi ? Yosh yozuvchilar u kishidan nimalarni o‘rgansa arziydi? Ushbu va boshqa savollarga taniqli yozuvchi Ulug‘bek Hamdam javob berdi.

TOShKENT, 16-may - Sputnik. Bugun ertalab O‘zbekiston xalq yozuvchisi, o‘zbek adabiyotining eng yorqin yulduzlaridan biri Tohir Malik vafot etgani haqidagi xabar millionlab kishilarni qayg‘uga soldi.

Pisatel Toxir Malik  - Sputnik O‘zbekiston
Tohir Malik vafot etdi

Ushbu munosabat bilan Sputnik muxbiri filologiya fanlari doktori, taniqli yozuvchi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi Ulug‘bek Hamdamga Tohir Malik hayoti va ijodi borasidagi savollar bilan murojaat qildi.

- Ulug‘bek aka, siz Tohir Malikni yaxshi tanirmidingiz, balki birga ishlagandirsiz?

- Men u kishi bilan birga ishlamaganman, lekin ko‘p davralarda birga bo‘lganmiz. U kishining 65-yillik yubileylarini o‘tkazishda qatnashganman. Tohir aka Sharq Yulduzi jurnalida bir paytlar ma’sul kotib bo‘lib ishlaganlar. Oradan bir necha yil o‘tib, men ham o‘sha yerda muharrir  vazifasida ishladim, lekin bir vaqtda bir joyda uzoq vaqt ishlamaganmiz.

- Nima deysiz, bugun ham O‘zbekistonda Tohir Malik asarlari ommabopmi, sevib o‘qiladimi?

- Tohir aka – O‘zbekistonda juda mashhur yozuvchi. Qaysi do‘konga kirmang u kishining alohida javoni bor - “Tohir Malik burchagi” deb nomlanadi.

Kitoblar - Sputnik O‘zbekiston
Eng ko‘p o‘qilgan kitoblar ro‘yxati e’lon qilindi

U kishining asarlari oldin ham yaxshi o‘qilgan. Masalan, o‘zbek xalqining hayotidan olib yozilgan “Alvido, bolalik” asari va boshqalar.

Bugungi kunda esa, to‘rt jildan iborat “Shaytanat” asarini har do‘konda ko‘rsa bo‘ladi. Uni barcha sevib o‘qiydi, hatto ichki ishlar xodimlarining qo‘lida ham ko‘rganman.  

"Sharq yulduzi"da ishlab yurgan vaqtimda “Hazonrezgi” nomli asarlarini chop etgan edik. U yerda keksayib qolgan o‘zbek kishisining hayot tarzi, dunyoqarashi Tohir akaga xos bo‘lgan yumor orqali ochib berilgan.

Yana bir qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilayotgan diniy-ma’rifiy, publitsistik asari - “Odamiylik burchi” deya nomlanadi. Uni do‘konlarda ham o‘quvchilar qo‘lida ham juda ko‘p ko‘raman.

Xullas, Tohir aka O‘zbekistonda boshqa yozuvchilar havas qiladigan darjada sevib o‘qiladigan yozuvchidir.

- Tohir Malikning o‘zbek adabiyotida tutgan haqida nima deya olasiz?

- Tohir aka avvalgi asarlarida o‘zbek xalqining hayot tarzini aks ettirgan bo‘lsalar, mustaqillikdan keyingi yillarda u kishining asarlari diniy-ma’rifiy tus oldi. Ya’ni Tohir aka diniy ma’rifatni adabiyot orqali o‘quvchiga yetkazib berishga harakat qildilar va bu yo‘lda juda katta muvaffaqiyatlarga erishdilar.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik. - Sputnik O‘zbekiston
Tohir Malik: «Futbolchilarimizning bo‘yniga omoch boylab dalada qo‘sh haydatish kerak”

Yana, Tohir Malik asarlarida – milliy ruh bor. U kishining qahramonlaridan doim milliylik ufurib turadi. O‘sha hamma yaxshi bilgan, videofilmlar suratga olingan “Shaytanat” asarida ham, o‘ziga xos bir dunyo ochib berilgan. U yerdagi qahramonlarning ko‘pining dunyoqarashida, o‘zini tutishida, muloqotlarida – barisida milliy o‘zbekona ruh ufurib turadi. Bu asar, meni nazarimda, mana shu tomoni bilan ham o‘quvchini o‘ziga rom etadi.

Nega deganda, bugungi kunda dunyoning mashhur yozuvchilari Kafka, Dostoyevskiyga yoki Xemingueyga taqlid qilib yozaman deydiganlar, ularning yo‘lidan yuraman deydiganlar  juda ko‘p.

Lekin har bitta millat adabiyotning o‘ziga xos xususiyatlari ham bo‘lishi kerak. Shu ma’noda, Tohir Malik kabi yozuvchilar o‘zbek adabiyotining o‘z qahramonlarini olib kirib, o‘z qiyofasini belgilashda – xizmatlari katta.

- Tohir Malik uslubining o‘ziga xosligi nimadan iborat?

- Tohir aka yozuvchilik uslubi, avvalombor - lo‘ndalik, mantiqiylik va hayotiyligi bilan ajralib turadi. U kishi hech qachon “o‘tlab ketmasdi”. Tohir aka faqat o‘ziga xos, yorqin obrazlar, yorqin qismatlarni badiiy asar qahramoni sifatida tanlab olardi. U kishida xira qahramonlar kamdan-kam uchrardi.

Va mana shu yuqorida aytilgan narsalar hammasi o‘ziga xos yumor bilan yo‘g‘rilgan bo‘lardi. O‘rni-o‘rni bilan hayotning kulguli taraflari Tohir akaning yozuvchilik nigohidan chetda qolib ketmasdi.

Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev "Shaytanat" muallifini "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotladi

U kishining men bilgan, o‘qigan va boshqalardan eshitgan har bir asarini jamul-jam qilib, yagona xulosa qilib aytadigan bo‘lsak - Tohir Malik aytadigan gapi bo‘lgandagina qo‘liga qalam olardi. U kishining har bir asarida o‘ziga xos badiiy niyat, badiiy g‘oya ko‘rinib turadi.

Tohir aka muhim hayotiy haqiqatini, badiiy haqiqatga aytlantirishga uringan va bu yo‘lida ko‘pchillik yozuvchilar havas qiladigan muvaffaqiyatlarga erishgan adibdir.

Bugungi kunda, o‘zbek yozuvchilari orasida Tohir Malik uslubida yozadigan ijodkor bormi?

O‘zimning tengdoshlarim, Tohir akadan bir avlod yoki undan ham yosh yozuvchilar orasida, men Tohir akaning ortidan ergashib, aynan u kishining ijod yo‘lini bevosti davom ettirayotgan taniqli yozuvchini eslay olmayman.

Lekin hammamiz ham Tohir Malik ijodidan ozmi-ko‘pmi bahra olganmiz, u kishidan nimalarnidir o‘rganganmiz, nimalarnidir sintez qilganmiz va o‘zimizga singdirganmiz.

- Ijod yo‘liga endi kirib kelayotgan yosh yozuvchilar Tohir Malikdan nimalarni o‘rgansa arziydi, deb hisoblaysiz?

- Yuqorida aytganimdek, yosh yozuvchilarga odamlarga aytadigan, arzigulik gapi bo‘lgandagina qo‘liga qalam olishni maslahat bergan bo‘lardim. Tajriba uchun, bo‘lar-bo‘lmas narsalarga ham o‘z umrini yerga sovurib, ham o‘quvchi vaqtini olib, ijodni o‘yinga aylantirmaslik kerak. Tohir akaning bosib o‘tgan yo‘li, u kishining adabiyotda qoldirgan izi – bizni mana shunday fikrlashga undaydi.

Kitoblar - Sputnik O‘zbekiston
Jurnalist nigohi: adabiyot o‘gaylanib qoldimi?

Tohir akaning tili – go‘zal bir til edi. Men “Sharq yulduzida” bosh muharrir bo‘lib ishlagan vaqtlarimda, “Hazonrezgi” nomli qissani e’lon qilishda uni juda jiddiy, boshqacha, ham o‘quvchi ham muharrir ko‘zi bilan o‘qib chiqqanman. Ana shunda o‘zimning yonimdagilarga ham aytganman – baribir katta avlodning, Tohir Malikning tili juda shirali, juda go‘zal deb.

Xozirgi yosh avlod yozuvchilari Tohir Malikdan tilni qanday qilib o‘ynatishni, qanday qilib so‘zni ishlatishni o‘rgansalar – o‘zlariga faqat foyda bo‘lardi.

Yana bir muhim jihat – bu Tohir Malik asarlaridagi milliylik, o‘zbekona xulq-atvor va o‘ziga xoslik. Yosh yozuvchilar o‘z ijodida mana shu tomonlarga ham e’tibor berishlari kerak. Bu bilan “o‘z hovuzimizda”  Abdulla akaning “Tilla baliqchasiga” o‘xshab qolishimiz kerak, demoqchi emasman, lekin baribir o‘zbek qiyofasini, o‘zbek dunyosini, o‘zbek fikrini va his-tuyg‘ularini adabiyotda aks ettirish kerak, deb hisoblayman. Shu ma’noda Tohir akaning bosib o‘tgan yo‘llari o‘ziga xos bir maktab bo‘ldi.

Yangiliklar lentasi
0