TOShKENT, 15 apr - Sputnik. O‘zbekiston IIV Islom To‘laganovning muddatidan ilgari ozodlikka chiqarilishi yuzasidan rasmiy axborot berdi.
Xabarda qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan qamoq muddati axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan Islombek To‘laganov jazoning qolgan qismini Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Probatsiya xizmati nazorati ostida o‘tamoqda.
Ta’kidlanishicha, sud qaror qabul qilishda Islombek To‘laganov jazoni ijro etish vaqtida koloniyada o‘rnatilgan tartibni buzmagani, vijdonan mehnat qilganiga e’tibor qaratgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 30-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi tomonidan may oyida Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Islombek To‘laganovga o‘z kursdoshi Jasur Ibrohimovni kaltaklab, uning o‘limiga sabab bo‘lgani uchun olti yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan edi.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 90- moddasi (jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish) va Jinoyat-protsessual kodeksining 536-moddasiga (jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tartibi) muvofiq, Islombek To‘laganovga tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan 4 yil 5 oy 15 kunlik qismi axloq tuzatish ishlari va ish haqining davlat hisobiga 20 foizi ushlanib qolishiga almashtirildi.