TOShKENT, 18 fev – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev urug‘chilikto‘g‘risidagi qonunni imzoladi, deb xabar qilmoqda “Huquqiy axborot” telegram kanali.
Yangi qonunga muvofiq, ekinlarning navlarini takror ko‘paytirish bosqichlariga qarab, urug‘liklarning quyidagi toifalari belgilanadi: original, elita va reproduksion.
Qonun bilan urug‘chilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Urug‘lik yetishtirishda genetik (nav) sifat ko‘rsatkichlarini saqlab qolinadi.
Urug‘liklarni O‘zbekiston hududiga olib kirishga quyidagi shartlar asosida yo‘l qo‘yiladi, agar:
- paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urug‘liklari O‘zbekiston hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritilgan nav va duragay jumlasidan bo‘lsa;
- urug‘liklarning muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati, shuningdek karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lsa;
- urug‘liklar seleksiya va tadqiqot ishlari, ko‘rgazmaga qo‘yish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa.
Ilmiy maqsadlarda va navni sinash uchun olib kirilayotgan hamda olib chiqilayotgan urug‘liklar uchun bojxona boji undirilmaydi va ular kvotalanmaydi hamda litsenziyalanmaydi.
Paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urug‘liklarini olib chiqish Qishloq xo‘jaligi vazirligining xulosasi asosida Innovatsion rivojlanish vazirligining qaroriga binoan amalga oshiriladi. Boshqa ekinlarning urug‘liklarini olib chiqish uchun maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi.
O‘zbekistondan olib chiqiladigan urug‘liklarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat inspeksiyalari tomonidan berilgan fitosanitariya sertifikati ilova qilinadi.