Aytish mumkin-ki, u hozirgi davrning eng uzoq uzluksiz davom etayotgan urushidir. Eng hayratlanarlisi, bir qancha, nisbatan qisqa davrlarni hisobga olmaganda (shulardan eng so‘ngisi 1919-1973 yillarga to‘g‘ri kelgan), Afg‘oniston deyarli hamisha jang qilib kelgan. Ko‘proq hujumlardan himoyalangan, ba’zida o‘zi tajovuzkor bo‘lgan. Ammo Markaziy Osiyo qa’ridagi ushbu bir bo‘lak quruqlikda urushlar insoniyat tarixi davomida to‘xtamagan.
Urushlar hech qachon to‘xtamagan
Bu yerda 100-200 yil oralig‘i bilan sulola va shohliklar bir-birini almashtirgan. Afg‘oniston - urush qilmagan avlodi mutlaqo mavjud bo‘lmagan mamlakatdir, bu yerda urushda tug‘ilib, urushda o‘lib ketgan avlodlar ham bor. Yerlari u qadar unumdor emas, iqlimi (o‘ta noqulay) keskin kontinental, cheklangan zaxirali foydali qazilmalarini faqat mashaqqatli mehnat natijasida qazib olish mumkin bo‘lgan Afg‘oniston nimasi bilan o‘ziga tortadi?
Ming yilliklar davomida Afg‘oniston nima sababdan istilochilar diqqat-markazida bo‘lib kelmoqda? 19-asr oxirida esa o‘sha davrning global imperiyalari - Buyuk Britaniya va Rossiya o‘rtasida Afg‘oniston uchun urush boshlanishiga bir bahya qolgan, shu bilan birga bu ikki imperiyaning birortasi uni o‘z sarhadlariga qo‘shib olishni rejalashtirmagan. Peterburg ham, London ham mahalliy amirga u o‘z hududi orqali boshqa davlatlar harbiy ekspeditsiyalarini o‘tkazmasligi uchungina ta’sir ko‘rsatishdan manfaatdor bo‘lgan.
Afg‘onistonning jo‘g‘rofiy joylashuvi katta ahamiyat kasb etgan. Rossiya - Afg‘oniston inglizlar uchun Markaziy Osiyo darvozasi bo‘lib xizmat qilishidan qo‘rqqan bo‘lsa, London ushbu mamlakatni boshqarish orqali markaziy Rossiya, Sibir va Uzoq Sharq o‘rtasidagi katta ko‘lamdagi, sust qo‘riqlanadigan kommunikatsiyalarni nishon ostida ushlashga muvaffaq bo‘lar edi.
Buyuk Britaniya shuningdek, Afg‘oniston rus qo‘shinlari uchun Hindistonga ko‘prik bo‘lishidan ham juda hadiksiragan.
Yevroosiyo chorrahasi
Afg‘oniston qit’adagi shimoldan janubga va janubdan shimolga o‘tadigan yo‘llarnigina nazorat qilmagan. U bir vaqtning o‘zida Hindiston, O‘rta Osiyo, Xitoy va Eron uchun darvoza bo‘lgan.
U qadimiy Yevroosiyo savdo yo‘llarini tutashtiruvchi chorrahadir. Savdo yo‘llari esa hamisha harbiy yo‘llar vazifasini ham o‘tagan. Istilochilar har doim savdo karvonlari izlaridan harakatlanganlar.
Sivilizatsiya muayan gullagan davrlarda urushlar qulay savdo sharoitlari, savdo yo‘llarida ortiqchalik qilgan vositachilarni yo‘q qilish maqsadida olib borilgan. Lekin ularning barchasi moddiy (savdo-iqtisodiy) asosga ega bo‘lgan va bundan kelib chiqadiki, armiyalar (dengiz va okeanlarda - flotlar) muqarrar aynan savdo yo‘llariga chiqishgan.
Butun Yevroosiyo savdo yo‘llari chorrahasi - strategik ahamiyatga ega pozitsiya bo‘lib, uni egallash orqali mintaqadagi savdoning eng daromadli oqimlarini nazorat qilish mumkin. Biz yana ikkita huddi shunday strategik muhim nuqtalarni bilamiz. Bu Levanta mamlakatlari (Suriya, Falastin, Livan), hamda Kichik Osiyo.
Hatto hozir ham Rossiya va AQSh o‘rtasidagi global mojaro ham (Suriyadagi ikki davlat doimiy qo‘shinlari o‘rtasidagi (rasmiy bo‘lmasa-da) bir-biriga qarshi turishlar orqali) moddiy tus oldi. Shunday ekan, keling eslaylik, 1989-yil sovet qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishi bilan, AQSh shu zahoti bu mintaqaga siyosiy aralashuvni boshlagan edi. Amerika gumashtasining fuqarolar urushida toliblardan qo‘li kaltalik qilayotgani ma’lum bo‘lgach, Afg‘onistonda shu zahoti xalqaro koalitsiya ko‘rinishidagi niqobni hatto o‘nglab taqib olmagan amerika qo‘shinlari hoziru-nozir bo‘ldi.
Faqatgina AQSh emas
Bugun, Afg‘onistonda ko‘p qololmasligi ravshan bo‘lib qolgan amerikaliklar o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga tayyor turgan bir vaqtda, Rossiya bir-biriga qarshi turgan tomonlarga vositachilik xizmatini, ya’ni fuqarolik urushiga nuqta qo‘yadigan afg‘onlararo muzokaralar tashkilotchisi bo‘lishni taklif etib, ushbu mintaqaga o‘z siyosiy aralashuvini boshlamoqda.
Xitoy ham mintaqada faol ishlamoqda. U Pokistonda mustahkam o‘rin olishga va u yerdan turib Afg‘onistonga ta’sir ko‘rsatishga urinmoqda. Eron ham (Afg‘oniston uning tarkibida ko‘p marotaba bo‘lgan) o‘z manfaatlarini unutgan emas va o‘z kuchi va imkoniyatlaridan kelib chiqib vaziyatni nazorat qilishga urinmoqda.
Afg‘oniston - endi tashkil topayotgan Yangi Buyuk Ipak yo‘lida muhim bo‘g‘indir. To‘g‘ri, uni aylanib o‘tsa ham bo‘ladi. Ammo bu hudduddan Shimoliy dengiz yo‘lidan tashqari barcha mavjud marshrutlar ustidan harbiy-siyosiy nazoratni osonlikcha amalga oshirish mumkin.
Chunki, har bir potensial yo‘lakchada blok-postda o‘tirishgina emas, balki istalgan vaqtda har qanday transport arteriyasini kesib qo‘yish ham juda muhim. Afg‘oniston egasi esa, kontinental Yevroosiyo transport arteriyasini kesish imkoniga ega bo‘ladi, xuddi Yaqin Sharq egasi Osiyodan Yevropaga boruvchi asosiy dengiz va quruqlik yo‘llarini nazorat qilganidek.
Nazoratga intilib
Dunyo okeanida amerika floti umuman olganda o‘zini yaxshi tutmoqda. Ammo AQShning butun boshli global strategiyasi shunga asoslanadiki, ular istalgan vaqtda har qanday davlatning dengiz kommunikatsiyalarini uzib qo‘yishlari mumkin. Qo‘shma Shtatlarning Rossiya bilan abadiy qarama-qarshiliklari ma’nosi shunda-ki, Rossiya boshqa har qanday yirik derjavalardan farqli o‘laroq dengiz kommunikatsiyalariga qaramligi ancha kam.
O‘zgargan dunyoda Rossiya butun Yevroosiyoni birlashtiruvchi kontinental savdo ko‘prigiga aylanmoqda va amerika floti uni nazorat qilolmaydi. Vashingtonning keyingi 15-yil davomida Moskvani amerika gegemoniyasini tan oldirish va so‘zsiz itoat qildirish bo‘yicha urinishlari ham aynan shu bilan bog‘liq.
O‘z harbiylari va texnikasini yo‘qotayotgan, mamlakat hududining kattagina qismida nazoratni boy bergan, olib borgan harbiy operatsiyasi deyarli "yo‘qqa chiqqan" AQSh shu bois ham Afg‘onistonda hech bo‘lmaganda "ilinib qolish" uchun titrab-qaqshab harakat qilmoqda.
Rossiya mintaqada amerika faoliyatini avvaliga nazorat qilish, so‘ngra AQShni u yerdan siqib chiqarish uchun bor harakatni amalga oshirdi. Rossiyaning Tojikistondagi harbiy bazasi xuddi shu maqsadda qoldirilgan edi. Umuman olganda, Rossiyaning Afg‘onistonda o‘z qo‘shinlari kontingentini ushlab turishiga ehtiyoj ham yo‘q. Tojikistondagi bazasi yetarli.
Moskvaga, xuddi yuz yil oldingi singari Afg‘onistonda begona kontingent joylashmasligi muhim.
Shu bois ham, AQSh uchun shunday sharoit yaratilgan-ki, u har qanday sharoitda Afg‘onistonni tark etishga majbur bo‘ladi. Ularning muammosi toliblarda emas. Ular toliblar bilan yuz yil ham jang olib borishlari mumkin. Ularning muammosi - afg‘on kommunikatsiyalari Rossiya va Xitoy tomonidan olib qo‘yilganida. AQSh ishonchli va mustaqil ta’minot liniyasini yo‘lga qo‘ya olmadi. Afg‘onistondagi maqsadi - Rossiya va Xitoyning kontinental kommunikatsiyalariga tahdid qiluvchi guruhni ushlab turish esa (ushbu guruh kommunikatsiyalari Rossiya va Xitoy nazoratida bo‘lib turgan bir vaqtda) hech bir ma’no kasb etmaydi.
Shu bois, AQSh har qanday usul bilan Xitoy Rossiya o‘rtasida harbiy-siyosiy raqobatni yuzaga keltirishga urinib kelgan va bundan keyin ham urinishda davom etadi. O‘shanda raqiblardan biri AQSh ittifoqdoshiga aylanib, ular Afg‘oniston bilan mustaqil kommunikatsiya chizig‘iga ega bo‘ladilar, ya’ni quruqlikdagi yevroosiyo kommunikatsiyalar ustidan nazoratni qo‘lga kiritadilar. Axir AQShga o‘zining global gegemoniyasini rostdan tiklashi uchun xuddi mana shu narsa yetishmayapti.
O‘zaro manfaatlarni ta’minlash yo‘lida
Rossiyaning Afg‘onistonga kirishi uchun zarurati yo‘q. Shunday qilish kerak-ki, u yerda boshqalar bo‘lmasin, yoki o‘sha boshqalarning Afg‘onistondagi bo‘lishini nafaqat ma’nisiz, balki "o‘z-o‘zini o‘ldirish bilan teng" holatga aylantirish lozim.
So‘nggi yillarda Rossiya chuqur o‘ylangan, strategik ishonchli va resurslarni tejovchi siyosatni olib bormoqda va o‘z kuchlarini koinotning strategik muhim nuqtalarida jamlamoqda. Bu nuqtalar ustidan nazorat jahon ustidan nazorat qilishni ta’minlab beradi. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, aniq nuqtada ko‘p qo‘shinlarga egalik qilish va hatto aksariyat hollarda u yerlarda qo‘shin saqlash shart emas. O‘z kuchlarini shunday joylash muhim-ki - strategik nuqtani egallash raqib uchun foydasiz yoki falokatli bo‘lsin. Va. albatta, strategik region tub yashovchilari bilan yaxshi, konstruktiv aloqalarni o‘rnatish muhim.
Afg‘onistondagi sovet ittifoqi operatsiyasi shuni ko‘rsatdiki, regionni qo‘shinlar bilan to‘ldirish, ko‘p yillik mojaro botqog‘iga botish mumkin, ammo bu bilan asosiy masala - strategik manfaatlar ta’minotini hal etib bo‘lmaydi. Chunki muammo armiya g‘alaba bilan qaytsagina ta’minlanadi, uning muvaffaqiyatlari esa tegishli bitimda qayd etiladi. Armiya davlatni holdan toydiradigan urushni olib boradigan bo‘lsa, qo‘shin va qo‘mondonlar qanday g‘alabalarga erishishmasin, asosiy g‘alaba bo‘lmaydi - chunki jangovar harakatlar maqsadiga erishilmagan bo‘ladi.
Afg‘oniston Qirolligi bilan ajoyib munosabatlarda bo‘lgan SSSR tajribasi shuni ko‘rsatdi-ki, bu territoriyani faqatgina mahalliy siyosiy tuzilmalar qo‘llab-quvvatlashiga tayanib ishonchli nazorat qilish mumkin. Bu uchun esa ularni qo‘shinlar bilan qo‘rqitish, yoki bundan ham yomoni abadiy urush iskanjasida bo‘lgan davlatni istilo qilishga harakat qilish emas, balki uning samimiy do‘sti va savdo-iqtisodiy faoliyatda o‘zaromanfaatli sherigiga aylanmoq lozim.
Rossiya va Afg‘oniston manfaatlari esa bir-biriga mos. Moskva ham, Qobul ham - afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi hal etishini, Afg‘oniston hududi esa chet el harbiy-siyosiy ishtirokidan ozod bo‘lishini istashadi.