TOShKENT, 5 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani "Ko‘ksaroy"da OAV vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir yillik faoliyati davomida xalq manfaatlari yo‘lida juda katta ishlarni amalga oshirganini qayd etdi.
O‘z nutqini o‘zbek tilida boshlagan Ashraf G‘ani jurnalistlarga Navoiy ijodidan bir bayt o‘qib berdi:
Odami ersang, demagil odami
Oni-kim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
Afg‘oniston prezidenti bu baytni bejizga tanlamadi. Bu bilan u har bir rahbar xalq dardi bilan yashashi kerak, demoqchi bo‘ldi.
Ashraf G‘ani o‘z nutqi davomida O‘zbekiston prezidenti yuksak minbarlardan turib afg‘on xalqi taqdiri haqida kuyinib gapirgani, Afg‘onistondagi mojarolarni faqat tinchlik yo‘li bilan hal etish va uning iqtisodini yuksaltirishga doir tashabbuslarini alohida e’tirof etib, afg‘on xalqi buni o‘z yuragiga yaqin qabul qilganini aytdi.
"Bugungi imzo chekilgan hujjatlar davlatlararo hamkorlikning mustahkam poydevorini yasadi", — dedi ishonch bilan Ashraf G‘ani.
2018 yil ushbu hujjatlarni to‘xtovsiz, charchoqsiz amalga oshirish yili bo‘lsin, deya taklif kiritdi u.
"Munosabatlarimizdagi bir asrlik tanaffusdan keyin yangi bosqichlarni tezlikda zabt etishimiz talab qilinadi. Avlodlarimiz 400-yildan keyin "Mirziyoyev va Ashraf G‘ani o‘z xalqlari qo‘llab-quvvatlashida ikki mamlakat tarixida yangi sahifalarini yozdi" deya tilga olsin", — dedi Afg‘oniston prezidenti va o‘z nutqini "Yashasin O‘zbekiston! Yashasin o‘zbek-afg‘on do‘stligi", degan gaplar bilan yakunladi.