Ruslan Aushev O‘zbekistonning yangi nafasi va Afg‘onistondagi urush haqida - eksklyuziv

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovRuslan Aushev
Ruslan Aushev - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
"Jangovar qardoshlik - behudud" xalqaro ittifoqi oliy kengashi a’zosi, general-leytenant Ruslan Aushev Sputnik O‘zbekistonga bergan intervyusi davomida Afg‘onistonda sovet qo‘shinlari qanday missiyani bajarishgani va hozirgi sharoitda ushbu mamlakatda qanday qilib tinchlikka erishish mumkinligi haqida gapirdi

TOShKENT, 5 fev - Sputnik. Toshkent shahrida 1-3 fevral kunlari sovet qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilganiga 30-yil to‘lgani munosabati bilan qator tantanali tadbirlar o‘tkazildi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri Dilshoda Raxmatova tadbirlar davomida o‘sha yillardagi voqealarning asosiy ishtirokchilaridan biri, SSSR Qahramoni, general-leytenant Ruslan Aushevga bir nechta savollar bilan murojaat qildi.

— Ruslan Sultanovich, sovet qo‘shinlari 30-yil muqaddam Afg‘onistonda bajargan missiyani muvaffaqiyatli deb hisoblaysizmi?

— Afg‘onistonda oldimizga qo‘yilgan barcha topshiriqlarni biz bajarganmiz. Muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz, degan tushuncha yo‘q edi, muayan vaziyatda biz amal qilgan buyruq bor edi, xolos. Biz siyosat bilan shug‘ullanmaganmiz, asosan, afg‘on rahbariyati iltimosiga ko‘ra harakat qilar edik.

Predsedatel obyedineniya VETERAN Tal’at Muradov - Sputnik O‘zbekiston
Muradov: O‘zbekiston Afg‘oniston uchun Angliya, AQSh va SSSR berolmagan narsani bergan

Aksariyat odamlar u yerda faqat urush bo‘lgan, deb o‘ylashadi, ammo haqiqatda jangovar harakatlar o‘sha operatsiyaning uchdan bir qismini tashkil etadi. Vaqtimizning uchdan ikki qismini ta’minlash, kolonnalar qo‘rig‘i, kommunikatsiyalar, GES va boshqa muhim infratuzilma obyektlarini qo‘riqlashga sarflar edik. Bizning vazifamiz u yerda g‘alaba qozonish emas edi. Hozir o‘sha vaqtda biz terrorizmning yuzaga kelishiga qarshi kurash olib borganimiz haqida gapirishni boshlashdi. Lekin o‘shanda bizning oldimizda - ta’minlash, olib o‘tish, qurish singari konkret funksiyalar bo‘lgan.

Ha, jangovar harakatlar ham bo‘lgan, chunki o‘sha vaqtda Afg‘onistonda fuqarolar urushi davom etardi. Fuqarolar urushida bu singari mojarolar yechim topishida u yoki bu tomonning yonini olish mumkin emas.

— Afg‘onistondagi mojaroni bartaraf etishda O‘zbekistonning hozirgi harakatlarini qanday baholaysiz?

— Inqirozni tinchlik yo‘li bilan bartaraf etishga qaratilgan har qanday jarayonni qo‘llab-quvvatlash lozim. O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegaradosh, va qo‘shni mamlakatdagi ko‘plab jarayonlar respublikaning o‘ziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, O‘zbekiston Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston bilan hamkorlikda Afg‘onistondagi vaziyatni stabillashtirishga harakat qilmog‘i lozim. Mintaqada tinchlik garovi mana shunda.

To‘liq yarashuv haqida gapirishga hali erta, chunki bu mamlakatda murakkab jarayonlar ro‘y bermoqda. Shu bilan birga, ko‘p narsa mamlakatdan harbiylarini chiqarishi bo‘yicha bayonotlar qilayotgan amerikaliklarga ham bog‘liq bo‘ladi. Lekin jahonda vaziyat o‘zgarmoqda, kechagi dushmanlar bugun ittifoqdoshlarga aylanishmoqda. Misol uchun, men urushdan keyin Ahmad Shoh Ma’sud bilan uchrashganman va biz u bilan yaqin do‘stlarga aylandik. O‘n yil oldin Afg‘onistonda bo‘lganimda, ularning o‘zlari menga bir-birimiz bilan jang qilganimizda katta xatoga yo‘l qo‘yganimizni aytgan edilar.

Sovmestnoe foto uchastnikov konferensii po Afganistanu v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston
Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent anjumani: kutilgan reaksiya, AQSh pozitsiyasi va tinchlik sulhi

— Sizningcha, geosiyosiy masalalarni keng ko‘lamli investitsiyaviy loyihalar bilan hal etsa bo‘ladimi?

— Agar tarixga murojaat qiladigan bo‘lsak — istalgan urushni yodga olsak, xoh u Birinchi jahon urushi bo‘lsin, xoh Ikkinchi jahon urushi - bularning barchasi sof iqtisod bo‘lgan-ku. Hammasini demaylik, lekin ko‘plab narsalarni investitsion loyihalar evaziga hal etsa bo‘lardi. Masalan, xuddi o‘sha Afg‘onistonni olaylik, dunyoning yarmi u yerga sarmoya tikmoqda. Qobuldan boshlangan yo‘lni ko‘rganman, u yerdagi infratuzilma borgan sari yaxshilanmoqda. Shunda ham yana bir bor ta’kidlamoqchiman, muammoni faqatgina pul bilan hal etish yaramaydi. Dunyoqarashni o‘zgartirish kerak, chunki millatlararo mojarolarga olib kelayotgan ko‘plab diniy oqimlar mavjud va ular o‘ta xavfli.

— Qanday qilib bu oqimlarga qarshi kurashish mumkin?

— Bu murakkab ish. Markaziy Osiyoni baholamayman, lekin masalan, Kavkazni oladigan bo‘lsak, yoki men prezident bo‘lgan Ingushetiyani, u yerda obro‘si baland bo‘lgan diniy yetakchilar juda kam. Xalq gaplariga quloq tutadigan kuchli arboblarning kam bo‘lishi esa yomon, albatta. Odamlarga haqiqatni gapirish kerak, axir ko‘pchilik dindan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanadi - deylik hukumatga kelish yoki u yerda mustahkam o‘rin olish uchun, yoki din niqobi ostida o‘zining korrupsion sxemalarini hayotga tatbiq etish uchun.

Keng ko‘lamli ma’rifiy ishlarni amalga oshirish kerak. Yoshlar Qur’onni yaxshi bilishmaydi. U arab tilida yozilgan, rus yoki o‘zbek tillariga o‘girilsa - hammasini boshqacha qilib tushuntirish va sharhlash mumkin. Ta’qiqlar bilan ham hech narsani hal etib bo‘lmaydi, bu shubhasiz - muammo yechimi ommaviy ta’lim berishda va diniy sohada - xoh u islom bo‘lsin, xoh pravoslav yoki boshqa birorta din - ma’rifiy ishlarni olib borishda.

Katta obro‘ga ega bo‘lgan arboblarni olib kelish kerak, ular yoshlarga asl islom haqida so‘zlab bersinlar. Chunki jihod - birovlar uchun - kofirlarga qarshi kurash, ya’ni bu borib hammani pulemotdan o‘qqa tutish kerakligini anglatadi. Jihodning mazmuni boshqa axir, bu Alloh sari yo‘l. Bu narsani tushuntirish kerak.

— Toshkent haqidagi taassurotlaringiz qanday? Bu keng ko‘lamli tadbirga kelgach, ko‘nglingizdan nimalar kechmoqda?

— Toshkent men uchun ko‘p jihatdan juda qadrdon: 1980-yilda Termizdan Afg‘onistonga jo‘naganman, u yerdan 1987-yilda qaytganman. Bu vaqt oralig‘ida Toshkentda juda ko‘plab marotaba bo‘lganman - u mening sevimli shahrim.

Veteranam-internatsionalistam afganskoy voyni podarili zolotie chasi ot imeni prezidenta RUz - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonga kelgan mehmonlarga Mirziyoyev nomidan oltin soatlar sovg‘a qilindi

Bu yerda ko‘plab do‘stlarim bor - birga jang qilgan askarlar, polkim qo‘mondoni - To‘lqin Yo‘ldoshevich Qosimov shu yerda yashaydi, Tal’at Murodov - uzoq yillardan buyon muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan veteran tashkiloti rahbari shu yerda istiqomat qiladi. Ularning barchasini ko‘rib turganimdan xursandman, muntazam gaplashib turamiz.

Bugun O‘zbekistonning yangi nafasi ochildi - bu har borada sezilmoqda — odamlarning o‘zini tutishlarida, ko‘chalardagi muhitda. Hatto samolyotga ko‘tarilganingizda ham buni his etasiz. Toshkent - non shahri, deb bejizga aytishmaydi. Hamdo‘stlik davlatlarining ko‘plab yashovchilari bu yerga kelishni orzu qilishadi. Shu shahar bilan meni bog‘lagani uchun taqdirdan minnatdorman.

Yangiliklar lentasi
0