TOShKENT, 31 dek – Sputnik. Bugun 31-dekabr kuni AQShning YuNESKOni tark etish haqidagi qarori rasman kuchga kiradi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Amerikaning bunday qadami xalqaro gumanitar hamkorlikka zarar yetkazsada, tashkilot faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatmaydi, - deydi Rossiyaning ushbu tashkilotdagi Rossiya doimiy vakili Aleksandr Kuznetsov.
Ayni damda AQShning YuNESKOdan qarzi 600 mln dollarni tashkil qilmoqda. AQSh YuNESKOdan chiqishi haqida dastlab 2017-yilda e’lon qilgan bo‘lsada, 2011-yildan buyon a’zolik badallarini to‘lamay kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 2011-yilda BMTning 36-Bosh konferensiyasida a’zo mamlakatlar Falastin avtonomiyasini qo‘llab quvvatlab ovoz bergan edi. Shundan so‘ng AQSh YuNESKOni “siyosatlashish va Isroilga qarshi faoliyatda” ayblab uni moliyalashtirishni bekor qilgan edi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, ayni damda AQSh hududida birorta ham YuNESKO loyihasi yo‘q, shuningdek 2018-yil holatiga tashkilotning AQSh tomonidan moliyalashtirilayotgan birorta ham loyihasi yo‘q. Shu sabab AQShning YuNESKOdan chiqishi – hech narsani o‘zgartirmaydi, deyilgan xabarda.
Umuman olganda AQSh va YuNESKO hamkorligi tarixida bu birinchi uzilish emas. 1985-yilda ham AQSh YuNESKOni 20-yilga tark etgan edi, lekin bu tashkilot o‘z vazifalarini muvaffaqiyatli bajarishiga xalal bermagan edi.
YuNESKO — BMTning ta’lim, fan va madaniyat sohasidagi loyihalari bilan shug‘ullanadigan maxsus bo‘limidir. YuNESKO 1945-yilda tashkil qilingan bo‘lib, uning bosh ofisi Parijda joylashgan.