TOShKENT, 27 dek - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda tizimda amalga oshirilgan islohotlar natijalari va galdagi ustuvor vazifalarni muhokama qildi, deb xabar berdi prezident matbuot-xizmati.
Yig‘ilishda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, hukumat a’zolari, Davlat xavfsizlik xizmati shaxsiy tarkibi, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Videoselektor orqali tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari kuzatib bordi.
Davlat xavfsizlik xizmatining boshqa davlat organlari va idoralari bilan tashqi va ichki tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorligini kuchaytirishga doir dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Uzoq va yaqin mintaqalarda xalqaro terrorizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatchilik faollashgan bugungi sharoitda mamlakat xavfsizligini yanada mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgani va yot g‘oyalardan to‘g‘ri yo‘lga qaytgani uchun jazoni o‘tash muassasalaridan ozod qilingan ekstremistik tashkilotlarning sobiq a’zolari va tarafdorlarini normal hayotga qaytarishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirish choralari belgilandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlariga mazkur shaxslarning maishiy muammolarini hal qilish, ularni ishga joylashtirish va jamiyat hayotiga jalb qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, mamlakat taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Davlat rahbari O‘zbekiston xalqining ijtimoiy xavfsizligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Oziq-ovqat, energetika, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muhim chora-tadbirlar xususida so‘z yuritilib, yo‘nalishlar aniq-ravshan ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Prezident O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining yangi hududi va yangi binosi, uning faoliyati, moddiy-texnik imkoniyatlari bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqotda bo‘ldi.
Shu yerda tahdidlarning oldini olish va bartaraf etish, davlat xavfsizligini ta’minlash jarayonida qo‘llaniladigan maxsus texnika va qurol-aslahalar namoyish etildi.
Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi tinchligi va osoyishtaligini saqlash eng ustuvor vazifa ekanligini, har bir xizmatchi ushbu sharafli mas’uliyatni qalban his etib, har tomonlama yetuk va ogoh bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, muhim ko‘rsatmalar berdi.