TOShKENT, 11 sen - Sputnik. Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda mahalliy OAVlar.
Jumladan, Toshkent shahar IIBB hokimni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiya DXX tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qilgan bo‘lsa, "Kun.uz" nashri Abdusamatov investorga joy taqdim etish maqsadida 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlanganini xabar qildi.
Qayd etilishicha, Yunusobod tumani hokimi ushbu pullar evaziga investorga yer maydoni taqdim etishni va’da qilgan.
Baxtiyor Abdusamatov 2017-yilning aprel oyida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisligidan ozod etilib, Yunusobod tumaniga hokim etib tayinlangan.