TOShKENT, 4 noya – Sputnik. Davlat Xavfsizlik xizmati Buxoro viloyatida yashirin diniy-ekstremistik guruhi fosh qildi, deb xabar qilmoqda “O‘zbekiston 24” telekanali.
Kogon shahrida yashovchi yoshi 28 dan 31 gacha bo‘lgan olti nafar fuqaro Suriyalik diniy yetakchilar ta’siri ostiga tushib qolib, “jihodchilik” oqimiga mansub diniy ekstremistik guruh tashkil qilishgan.
Ular uyali telefon orqali ekstremistik mazmundagi axobotlarni o‘rganishgan va atrofdagilarga tarqatishgan, kelajakda qator xalqaro terrorchilik tashkilotlariga a’zo bo‘lish va Afg‘onistonga “hijrat” qilish uchun g‘oyaviy tayyorgarlik olib borishgan. DXX ularning uyali telefonlarida ekstremistik mazvudagi hamda O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darishga doir materiallar borligini aniqlagan.
Ushbu ish yuzasidan O‘zbekiston JKning 159 (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244-2-moddalari (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bandlariga muvofiq jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.