TOShKENT, 28 noya — Sputnik. O‘zbekistonda patronaj xizmati tizimi uch bosqichda amalga oshiriladi, deb xabar qildi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
“Tibbiy patronaj xizmati inson salomatligini asrash, kasalliklarning oldini olish va xalqimiz salomatligini muhofazalashda muhim o‘rin tutadi. Ushbu yo‘nalishda ishlar talab darajasida yo‘lga qo‘yilsa, jamiyatdagi ko‘plab tibbiy-ijtimoiy muammolarning oldi olinadi”, - deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova.
Patronaj ishlarini uch bosqichda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Birinchi bosqichda aholi har olti oyda xatlovdan o‘tkaziladi. Unda aholi orasida patronaj ko‘magiga ehtiyojmand qatlam aniqlab olinadi. Ikkinchi bosqichda patronaj hamshira, umumiy amaliyot shifokori va tor mutaxassislar ishtirokida aholi xonadonida maqsadli patronaj tadbirlari tashkil etiladi.
“Unda patronaj parvarishga muhtoj yolg‘iz qariyalar, nogironlar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar, 1 yoshgacha va nogiron bolalar, homiladorlar, yangi tuqqan onalar patronaj bilan qamrab olinadi. Maqsadli patronaj har haftada, belgilangan reja asosida tashkil etiladi”, - deyilgan xabarda.
Uchinchi bosqichdagi patronaj tadbirlarini tashkil etishda birlamchi tibbiy-sanitariya tizimi xodimlariga viloyat va respublika miqyosidagi davolash muassasalari va ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markazlar olimlari yaqindan ko‘mak beradi. Bu tadbir endilikda har oyda tashkil etilib, ushbu jarayonda surunkali kasallikka chalingan, ixtisoslashgan tibbiy ko‘makka muhtoj bemorlar qamrab olinadi. Bemorlarni kasalligiga qarab ambulator yoki statsionar sharoitda tuman, viloyat hamda respublika muassasalarida davolash choralari ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi o‘rtasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurganda, Nukusdagi oilaviy poliklinikasiga kelgandi. Shifokorlar bilan bo‘lgan suhbatda poliklinikaga kelganlarga sifatli xizmat ko‘rsatish bilan birga hududdagi aholini patronaj qilish, har bir odamning haroratini bilish kerakligini ta’kidlab, kasallik varaqalarini elektron shaklga o‘tkazish, zamonaviy tibbiyot yutuqlari asosida ishlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.