TOShKENT, 8 noya – Sputnik. O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalari va farmatsevtika xodimlarining maoshlari 1-dekabrdan boshlab oshiriladi. Bu haqida 7-noyabr kuni imzolangan prezident qarorida aytib o‘tilgan, O‘zA xabariga asosan.
“Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdorlari 2018-yil 1-dekabrdan 1,2 baravar va 2019-yil 1-apreldan 1,15 baravar bosqichma-bosqich oshirilsin”, - deyilgan prezident qarorida.
Umumiy hisob-kitob qilganda, 2019-yilning 1-aprelidan boshlab davlat tibbiyot muassasalari va farmatsevtika xodimlarining maoshi bugungi kunga nisbatan +38 %ga oshiriladi.
Kelajakda ushbu soha vakillari maoshlari bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin, chunki qarorda yuqoridagi sohalar xodimlarining maoshlari “xalqaro tajribani o‘rganish asosida tubdan qayta ko‘rib chiqiladi” deyilgan. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi 2019-yilning 1-iyuliga qadar Vazirlar Mahkamasiga quyidagi takliflarni kiritishi kerak:
- davlat tibbiyot muassasalari va farmatsevtika xodimlarining lavozimiga va malakasiga, ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning murakkablik va javobgarlik darajasi, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalari ixtisosligiga qarab - bazaviy lavozim maoshlarini joriy etish haqida;
- tibbiyot xodimlari faoliyatining unumdorligini zamonaviy usullar yordamida baholash, davolangan bemorlar elektron statistikasini tatbiq etish va bemorlar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish orqali joriy etish haqida;
- alohida o‘rnak ko‘rsatgan vrachlarga, Tibbiyot tashkilotlarini rag‘batlantirish jamg‘armasidan tarif stavkasining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash haqida.
Undan tashqari prezident qarorida 2020-yildan boshlab Tibbiyot tashkilotlarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirish uchun ajratiladigan mablag‘lar hajmlari bosqichma-bosqich oshirilish haqida aytib o‘tilgan.
Prezidentning “Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”ga qarorining to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.