TOShKENT, 26 noya — Sputnik. Toshkent shahridagi 81 ta maktabda bolalarni maktabga onlayn qabul qilish pilot loyihasi amalga oshiriladi, deb xabar qildi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
2019 yilning 1-martdan boshlab davlat umumta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish rejalashtirmoqda. Keyinchalik yangi mexanizm bosqichma-bosqich poytaxt va mamlakatning barcha viloyat maktablarida ham joriy etiladi.
Hozirgi kunda ota-onalar va vasiylar bolalarni maktabga joylash jarayonida ba’zi bir qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Asosiy kamchiliklardan biri bu qabul jarayonining shaffof emasligidir, ya’ni ota-onalarda jarayon haqida, uning muddatlari, kerakli hujjatlar, mikrohududlar sxemalari haqida ma’lumotlari yo‘q.
“Ba’zi qabul jarayonlari – suhbat yoki tibbiy ma’lumotnoma – normativ-huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topmagan. Ota-onalar tomonidan taqdim etilishi lozim bo‘lgan arizani qisqa vaqt topshirilishi kerakligi ham savollar uyg‘otadi. Shu bilan birga taqdim etilishi kerak bo‘lgan hujjatlar sonini qisqartirish kerak”, - deyilgan xabarda.
Natijada xizmat yanada sifatli, qulay va shaffof bo‘lishi kutilmoqda.
Ushbu loyiha O‘zbekiston prezidentining “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Avvalroq davlat rahbari har bir hududda prezident maktablarini tashkil qilish g‘oyasini aytib o‘tgandi. Birinchi prezident maktabi Nukus shahrida ochiladi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning so‘zlariga ko‘ra, prezident maktablari STEAM (Science (fan), Technology (texnologiya), Engineering (muhandislik), Art (san’at) va Mathematics (matematika) fanlarini o‘qitishga ixtisoslashgan bo‘ladi va xorijlik mutaxassislar boshqaradi.