TOShKENT, 4 noya — Sputnik. O‘zbekistondagi barcha maktablar 2019-yilning 1-yanvarigacha maktab avtobuslari bilan ta’minlanadi, deb xabar qilmoqda, “Xalq So‘zi”gazetasi.
Bu haqda 2-noyabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida, xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tildi.
“Hududlar talabidan kelib chiqib, litsey va kollejlarning bo‘shagan binosini joriy yil oxiriga qadar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazish, 2019 yil 1-yanvargacha joylardagi maktab filiallarini asosiy maktabga aylantirish, maktab avtobuslari bilan tizimli ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev belgilangan maktablardagi qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlash, markazlashgan investitsiya mablag‘lari hisobidan ularni jihozlash kerakligini ta’kidladi.