TOShKENT, 2 noya – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Prezident soha oldida yana ko‘plab vazifalar turgani, darsliklar ta’minoti, ta’lim dasturlari sifati, o‘qituvchilar bilim va malakasini oshirish, kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish, chet tillarini o‘qish imkoniyatini kengaytirish borasidagi ishlar talab darajasida emasligini ta’kidladi.
Xalq ta’limi tizimida o‘quv jarayonini avtomatlashtirish, o‘quvchilarni maktabga qabul qilish va ko‘chirish xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish, davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy maktablar tashkil etish sust borayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda shu yo‘nalishlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ayni paytda maktab o‘qituvchilarining bilimi va malakasi talabga javob bermaydi. Tizimdagi 422 mingdan ortiq pedagogning 65 ming nafari o‘rta maxsus ma’lumotli. Atigi 11 ming nafar o‘qituvchi oliy toifali.
Ayni paytda 3 mingdan ortiq pedagog kadrlarga real ehtiyoj mavjud. Jumladan, ingliz tili, rus tili va adabiyoti, boshlang‘ich sinf, informatika, matematika fanlari o‘qituvchilari yetishmaydi.
Shuning uchun Xalq ta’limi vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Mehnat vazirligiga vakant lavozimlarga pedagoglarni jalb qilish, chekka hududlarga borib ishlaydigan o‘qituvchilarni rag‘batlantirish va malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
O‘quv-metodik va darsliklar sifatini oshirish ham dolzarb masalalardan. O‘quv yili boshlanganiga 2 oy to‘lgan bo‘lsa-da, 3-, 5-, 8-sinf o‘quvchilari uchun 33 mingdan ziyod darslik yetishmaydi. Darsliklarda xatoliklar ko‘pligi ham achinarlidir. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda maktablar binosi, ularning moddiy-texnik bazasi holatiga ham e’tibor qaratildi.
Maktablarda 11-yillik tizimga o‘tilgach, o‘quvchilar soni 1 millionga ortgan. Bugungi kunda 138 ta maktab filiali o‘z binosiga ega emas, 55 ta filialda o‘quvchilar soni meyoridan yuqori.
Investitsiya dasturi doirasida 35 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlarini tezroq yakunlash kerak. 5 mingdan ziyod fizika, kimyo va biologiya o‘quv-laboratoriya jihozlari, 43 ming to‘plam o‘quv mebeli zarur.
Prezident belgilangan maktablardagi qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlash, markazlashgan investitsiya mablag‘lari hisobidan ularni jihozlash kerakligini ta’kidladi.
Hududlar talabidan kelib chiqib, litsey va kollejlarning bo‘shagan binosini joriy yil oxiriga qadar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazish, 2019-yil 1-yanvargacha joylardagi maktab filiallarini asosiy maktabga aylantirish, maktab avtobuslari bilan tizimli ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda maktablarda bilim berish va o‘zlashtirish darajasi bugungi zamon talablariga mos emasligi tanqid qilindi. 10-11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etish va ularni jihozlash ishlari qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.
“Mamlakat bo‘yicha sinflarda o‘quvchilar soni o‘rtacha 23, Toshkent shahri va viloyat markazlarida 40 nafarni tashkil etadi. Bizda har 13 o‘quvchiga bitta o‘qituvchi to‘g‘ri keladi, rivojlangan davlatlarda bu 10 nafardan oshmaydi. Sinflarda o‘quvchilar sonini, haftalik dars yuklamasini kamida 5-10 foizga tushirish kerak”, - dedi davlat rahbari.
Umumta’lim maktablarida axborot texnologiyalarining joriy etilishini ham qoniqarli deb bo‘lmaydi. Misol uchun, ba’zi maktablarda informatika fani hali hamon eski dasturlash tili asosida o‘tilmoqda, bir qator kompyuter jihozlari yaroqsiz holga kelib qolgan.
Shu bois, maktablarda kompyuter bilan ta’minlanganlik darajasini tanqidiy o‘rganib, ularni jihozlash bo‘yicha aniq manzilli dasturlar ishlab chiqish, informatika fanini o‘qitishning zamonaviy uslublarini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mamlakatda xorijiy tajriba asosida xususiy maktablarni rivojlantirish istiqbolli vazifalardan ekani qayd etildi.
Yig‘ilishda maktablarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarining borishi ham muhokama qilindi. Xalq ta’limi va Moliya vazirliklari mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2 hafta muddatda maktablarni kuz-qish mavsumiga to‘liq tayyorlash choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.