TOSHKENT, 9 noya - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Internet foydalanuvchilarining ommaviy noroziligidan keyin Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati Oʻzbekistonda mardikorchilik, ustachilik va kirakashchilik kabi "soyadagi" mehnat faoliyatlari patentlashtirilishi haqidagi xabarlar haqiqatga mos emasligi va kontekstdan yulib olingani haqida bayonot eʼlon qildi.
Shu bilan birga, vazirlik, yuqoridagi ish turlarini patentlashtirish qarori qonunchilik tashabbusi emasligini maʼlum qilib, fuqarolarni tinchlantirgan holda, hozirda bu masala muhokamada ekanligi va bu yangilik istiqbolda qanday afzalliklar berishi haqida qoʻshimcha maʼlumotlarni taqdim etgan.
Vazirlikning "ushbu xabar haqiqatga mos emas" deya, OAVga bildirgan eʼtiroziga javoban, quyidagilarni keltirib oʻtamiz.
Hafta boshida Toshkent shahrida oʻtkazilgan "Mamlakatning demokratik yangilanishi va modernizatsiyasida ayollarning oʻrni: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot" xalqaro konferentsiyada har bir jurnalistga spikerlar dokladlari toʻplami tarqatilgan boʻlib, toʻplamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyevning "Oʻzbekiston Respublikasida ayollar bandligini taʼminlash va ularni tadbirkorlikka jalb qilish" mavzusida maʼruzasi ham oʻrin olgan edi.
Maʼruzada mehnat bozoridagi, shu jumladan, ayollar bandligini taʼminlashdagi 4ta asosiy muammo ajratib koʻrsatilgan.
Birinchi muammo: potentsial (yigʻilib borayotgan) ishsizlikning yuqori darajasi - bunda aholi soni yiliga 600 mingga koʻpayayotganiga qaramay, ish oʻrinlarini tashkil etish tempi demografik oʻsish tempidan ortda qolmoqda.
Ikkinchi muammo: Oʻzbekistonda noformal sektorda ishlovchilar koʻrsatkichi 56% boʻlib, bunda ayollar koʻpchilikni tashkil etayotgani va ushbu holat qator salbiy oqibatlarga olib kelayotgani: jumladan, byudjetga soliq toʻlovlari kelib tushmayotgani, tekin yeb yotish kayfiyati shakllanayotgani, istiqbolda esa bu holat pensiya tizimiga "yuk" boʻlayotgani aytilgan.
Uchinchi muammo: fuqarolarning malakasini tasdiqlash tizimi mavjud emasligi. Yaʼni ochiq vakansiyalar soni koʻp boʻlishiga qaramay, koʻpchilik ishsiz va faol ravishda ish izlovchi ayollar yetarlicha professional koʻnikmalarga ega emasliklari.
Toʻrtinchi muammo: mehnat bozori strukturasi haqida, yaʼni viloyatlar, iqtisodiy sohalar, korxonalarning tegishli malakali ishchilarga boʻlgan ehtiyoji haqidagi maʼlumotlar bazasi mavjud emasligida.
Yuqorida qayd etilgan muammolarni hisobga olgan holda, aholi, shu jumladan, ayollarning ratsional bandligini taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlari belgilangan.
Yaʼni bunda vazirlik yaqin istiqbolda amalga oshiradigan (katta ehtimol bilan amalga oshirmoqchi boʻlgan) ishlari rejasi bilan boʻlishgan.
Birinchidan: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har yili davlat buyurtmasi boʻyicha 300-350 ming ish oʻrinlarini yaratish mexanizmini joriy etishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgan.
Ikkinchidan: aholi, jumladan ayollar orasida tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda va "Davlat - tadbirkor boʻlishga yordam beradi" loyihasi asosida 200-250 ming ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan.
Uchinchidan: bandlik sohasiga subsidiya ajratish. Oʻz ishini tashkil qilmoqchi boʻlgan ishsizlarni, shu jumladan, ayollarni qoʻllab-quvvatlash va imtiyozli kreditlashtirish maqsadlari uchun 100 mlrd soʻm mablagʻ ajratish.
Toʻrtinchidan: biznes rivojini taʼminlovchi doimiy ravishda yangilanib boradigan mini-koʻrgazmalarni tashkil qilish.
Beshinchidan: "Ustachilik", "mardikorchilik", "kirakashlik", "uy xizmatlari" singari soyada qolayotgan mavjud mehnat faoliyatlari uchun patent tizimini joriy etish.
Kudbiyevning toʻplamda keltirilgan dokladida noformal bandlikning salbiy oqibatlari sifatida byudjetga soliq toʻlovi kelib tushmasligi, tekinga yeb yotish kayfiyati shakllanayotgani va bu oxir-oqibat pensiya tizimiga "yuk" boʻlayotgani aytilgan edi. Shu bugun eʼlon qilingan rasmiy bayonotda bugungi kunda rasman ishlamayotgan odamlar kelajakda staj yoʻqligi va tabiiyki buning oqibatida kichik pensiya singari muammolarga duch kelishlari aytilgan. Shunday ekan, OAV vakillariga tarqatilgan dokladda ham gapni soliqdan emas, balki bu holat qanday ogʻir ijtimoiy oqibatlarga olib kelishidan boshlash kerak emasmidi?
Noformal bandlikning eng keng tarqalgan turlari - kirakashlik, mardikorchilik singari mehnat faoliyati yoʻnalishlarining patentlashtirilishini rad etgan vazirlik bunday turdagi patentni olish (kelajakda) faqatgina ixtiyoriy holda amalga oshirilgan boʻlar edi, deya qoʻshimcha qilgan.
Yaʼni ixtiyoriy ravishda patent olgan va bir yil uchun 912 285 soʻm (oyiga 76 023 soʻm) toʻlagan fuqaroning mehnat staji toʻliq mehnat faoliyati sifatida rasmiylashtirilishini maʼlum qilgan.
Mehnat vazirligining OAVlarda tarqalgan xabarlarga raddiyasiga javoban bir fikrni bildirish mumkin, bugungi kunda butun dunyo boʻyicha dolzarb muammolardan biri boʻlgan noformal bandlik muammosiga yechim taklif etayotgan rahbar internet foydalanuvchilarining eʼtirozidan choʻchib oʻzining qonuniy deb hisoblagan nuqtai-nazaridan voz kechishi emas, balki uni qatʼiylik bilan himoya qila bilishi kerakdir, albatta, agar vazirlik ushbu muammo bilan chuqur shugʻullanib, uning yechimi mana shunda degan yagona xulosaga kelgan boʻlsa.
Vazirlik oʻzining bu boradagi qarashlarini qatʼiy himoya qilishdan choʻchiyotgan ekan, demak idora mazkur masala borasidagi qarashlarini chuqur tahlil asosida shakllantirmagan.