TOShKENT, 5 noya - Sputnik, Dmitriy Matveyev. Joriy yilning fevral oyida Peterburgda O‘zbekiston Bosh konsulligi kuniga 150-200 kishini qabul qiladi, deb hikoya qildi Sputnikka bosh konsul Jahongir Irgashev.
— Avgust oyidagi tayinlovingiz qay tarzda amalga oshgan?
— Mening tayinlovim to‘g‘risidagi qaror vazirligimizning konsullik-huquqiy departamenti tomonidan bo‘lgan kelishuvdan so‘ng tashqi ishlar vaziri tomonidan qabul qilingan. Haqiqatdan ham yaqinda tayinlanganman, Peterburgga 10-iyulda kelgan edim. Men ma’lum muddat bosh konsul vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritdim. Szngra Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Viktorovich Lavrov imzosi qo‘yilgan ekzekvaturani oldim. Men Sankt-Peterburgda akkreditatsiya qilingan to‘laqonli bosh konsul hisoblanaman.
Sankt-Peterburgda bosh konsullikning ochilishi tasodifan ro‘y bergani yo‘q. Davlatimiz rahbari birinchi navbatda chet eldagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilinishiga e’tibor qaratadilar. Sankt-Peterburgdan tashqari, Moskva va Novosibirskda ham konsulliklarimiz bor. Yil oxiriga kelib Vladivostok, Yekaterinburg, Kazan va Rostov-Donda ham bosh konsulliklar o‘z ishini boshlaydi.
Peterburgdagi konsulligimiz joriy yil mart oyida ochilgan bo‘lsa-da, yetti-sakkiz oy muddat ichida bizning faoliyatimiz haqida ko‘plab fuqarolarimiz xabar topdilar. Bir kunda 150-200 kishi qabulimizda bo‘ladi, biz ularga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatamiz.
Bizning bosh konsulligimiz manzilini ko‘pchilik bilmaydi. Shu bois, paytdan foydalanib, O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsulligi 4-Krasnoarmeyskaya ko‘chasi, 4A uyda joylashganini ma’lum qilmoqchiman. Biz dushanbadan-jumagacha ishlaymiz. Aholini ertalabki 10dan kechki 5gacha qabul qilamiz.
Istagimiz shu-ki — biror muammo yuzaga kelganida, misol uchun hujjatlar bilan bog‘liq, avval bizga murojaat qiling. Biz yordam berishga harakat qilamiz. Siz tushgan mushkul vaziyatdan foydalanishni xohlaydigan noinsoflar bor. Iltimos, hushor bo‘ling! Biz faqat bosh konsullik hududida uchrashamiz va har bir pulli xizmat uchun kvitansiya beramiz. Metro yonida uchrashmaymiz! Svetofor burchagida ham uchrashmaymiz! Bundaylarning barchasi firibgarlardir.
— Sankt-Peterburg aholisidan, O‘zbekistondan kelgan mehnat migrantlaridan shikoyatlar bor. Aytishlaricha, sizlarga qo‘ng‘iroq qilib tushib bo‘lmas ekan. Shu rostmi?
— Bunday muammo mavjud, buni yashirishga hojat yo‘q. U konsullikda odam yetishmasligi tufayli yuzaga kelgan. Telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berishi uchun qaysidir xodimni vazifasidan ozod qilishim zarur. Bu yerda 3 nafar diplomat va 2 nafar yordamchisi ishlaydi. Kuniga 200ga yaqin kishi keladi. Kimnidir qo‘ng‘iroqlarga javob berish uchun mas’uli qilib qo‘yish - bu yerga kelgan kishining muammosini yechib bermaslik demak.
Shu bois, iltimos qilamiz, yoki ertalab 9dan 10gacha, yoki kechqurun 5dan 7gacha qo‘ng‘iroq qiling. Ya’ni fuqarolarni qabul qilishni boshlamasimizdan, yoki qabul tugaganidan keyin. Mana shu vaqtda telefon orqali barcha savollaringizga javob berishga tayyormiz.
—Peterburgdagi Toshkent kunlari Sankt-Peterburg va Toshkent o‘rtasida o‘tgan yil imzolangan bitim doirasida o‘tkazilmoqda. Mana shu kelishuvga asosan Sankt-Peterburg va o‘zbek shaharlarida yana qanday tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan?
- Albatta, biz Toshkentda ham Sankt-Peterburg kunlari o‘tkazilishini kutmoqdamiz. Lekin hozircha kelgusi yilga rejalar tuzilmagan.
Sankt-Peterburgda Toshkent savdo uyining ochilishi yirik tadbirlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Gubernator o‘rinbosari Sergey Movchanov bilan uchrashuvda bu masala muhokama qilingan edi. Qiziqish bor, bozorda bizning mahsulotlarimizni bilishadi, qadrlashadi va yaxshi ko‘rishadi. Lekin u yo juda qimmat, yoki uni topish mushkul. Shu bois, bu jarayonni soddalashtirish, o‘zbek mahsulotlarini Sankt-Peterburgda ommabopligini kuchaytirish uchun ham bu savdo uyini tashkil qilmoqdamiz. Savdo uyi Shimoliy-G‘arbiy Federal okrugda o‘ziga xos xab vazifasini bajarishiga umid qilmoqdamiz. Bu o‘zbek tovarlari ko‘rgazmasi muntazam tashkil qilinadigan savdo uyi bo‘ladi.
Savdo uyi faoliyati rossiyalik xaridorlarga kelib, mahsulotni tomosha qilish imkonini beradi. Agar ularga ma’qul kelsa, buyurtma shu ondayoq rasmiylashtiriladi, biz ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab-chiqaruvchi bilan bog‘laymiz.
Eng avvalo meva va sabzavotlar taqdim etiladi. Meva va sabzavotlarimiz eksportini Rossiya Federatsiyasiga, xususan, Sankt-Peterburgga oshirishga imkon boricha harakat qilamiz.
Bugun biz Sankt-Peterburgga javoban Toshkent hududida axborot-ishbilarmonlik markazini ochishni taklif etdik. Bu masala endi muhokama etiladi. Ehtimol, noyabr oyi oxirida Sankt-Peterburg biznes-delegatsiyasi shahar rahbariyati vakillari boshchiligida O‘zbekistonda bo‘lib, bu masalani batafsilroq muhokama etadilar.
—Peterburgliklarga O‘zbekistonning qayeriga borishni maslahat bergan bo‘lardingiz?
— Yil mavsumidan boshlay qolaylik. Bizda turistik mavsum mart oyi boshlaridan boshlanadi va iyun boshigacha davom etadi. Keyin O‘zbekistonda jazirama boshlanadi va har qanday sayyoh ham +50 gradusda respublikaga kelishga tayyor bo‘lmaydi. Mavsum avgust oyi o‘rtalaridan boshlanadi va noyabr oyi o‘rtalarigacha ob-havo juda qulay bo‘ladi.
Turistik mavsumda, eng avvalo Samarqand, Buxoro va Xiva singari shaharlarni borib ko‘rishni maslahat bergan bo‘lar edim. Sizni bu sayohat befarq qoldirmaydi. Bu mingyillik tarixga ega me’morchilik yodgorliklaridir.
Qishki va yozgi mavsumda bizda tog‘ turizmi mavjud. Tog‘larda ko‘plab ajoyib dam olish zonalari bor, Chorvoq shular jumlasidan. Qishki turizm ham juda tez rivojlanmoqda. Chimon tog‘-chang‘i trassasi SSSR davrida ko‘plab jamoalarga mashg‘ulotlar zonasi bo‘lgan va shu bilan mashhur.
Kelgusi oyda yana bir tog‘-chang‘i kurorti - Amirsoyning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Bir narsani aniq aytishim mumkin: palov yil mavsumiga bog‘liq emas. U qishda ham, yozda ham, bahorda va kuzda ham birdek mazali. Shu bois, xush kelibsiz!
— Peterburgliklar O‘zbekistonga borishga tayyor, lekin ularni chipta narxlari qo‘rqitadi.
— Biz bu muammoni yechishga harakat qilmoqdamiz. Hozirda aniq turistik firma orqali O‘zbekistonga otlangan turistlar guruhlari uchun chegirmalar dasturi mavjud. Bu davlat budjetidan qilingan chegirmalar.
Biz shuningdek, aviareyslar sonini ko‘paytirishga harakat qilmoqdamiz: har hafta 15ta reyslar amalga oshirilmoqda. Hozirda "Pulkovo" aeroporti rahbariyati bilan reyslar sonini kuniga 2-marta qilish yuzasidan muzokaralar olib borapmiz. Agar bu ish amalga oshsa, haftasiga 20-25 reys bajariladi. Yo‘lovchilar soni ortishi chiptalar narxiga ham ta’sir ko‘rsatadi, ular arzonlaydi.
O‘zbekistonda yangi otellar qurilmoqda, ular o‘z navbatida o‘zaro raqobatlashadi. Shu tariqa, biz sekin bo‘lsada, ammo to‘g‘ri harakatlar bilan vaziyatni o‘nglayapmiz. Biz muammolar mavjudligini bilamiz, tez-tez ularni muhokama qilamiz, O‘zbekistonda ham, bu yerdagi milliy aviakompaniyamiz vakolatxonasida ham. Shu bois, sizni ishontirib aytamanki, yaqin kelajakda vaziyat keskin o‘zgaradi. O‘zbekistonga uchish Turkiyaga uchishdan ko‘ra arzonroq bo‘lmasa-da, siz O‘zbekistondan unutilmas onlarni boshdan kechirasiz.
Sputnik axboroti: Jahongir Irgashev 1999-yilda Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetini tamomlagan. So‘ngra, kichik amaliyotdan so‘ng Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritgan. 2004-2006 yillarda O‘zbekistonning Vashingtondagi konsuli sifatida mehnat qilgan. 2009-2013 yillarda O‘zbekistonning Buyuk britaniyadagi elchixonasi birinchi kotibi lavozimida ishlagan.