TOShKENT, 31 okt - Sputnik. Toshkentning Chilonzor tumanida o‘tgan oqshom bir oilaning to‘rt farzandi kutilmaganda vafot etgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bu haqida batafil xabar berdi.
Toshkent shahar Chilonzor tumani Dilxush ko‘chasi 37-uyda yashaydigan fuqaro A.Akbarov xonadonida 2018-yil 31-oktabr kuni qayd etilgan guruhli zaharlanishda gumon holati bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi:
Xonadon egasi Alisher Akbarovning ayoli Xaitova Umida, 42 yosh, 2018-yil 30-oktabr kuni, taxminan soat 20:00 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ro‘parasidagi milliy taomlar kafesidan 5 dona, sixga tortilgan qiyma kabob, tandir non va to‘g‘rab, uksus solingan piyoz sotib olib, uyiga olib borgan. Ularning uyi shu kafening yaqinida joylashgan. Uyida oila a’zolaridan Xaitova Umidaning o‘zi, uning qizlari Akbarova Aziza 1996-yil, E’zoza 2001-yil, Iroda 2003-yil va o‘g‘li Akbarov Farrux 2012-yilda tug‘ilgan, birga o‘tirib soat 20-30 da kabobni iste’mol qilishgan.
U.Xaitovaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, kabobda noxush hid va ta’m sezishmagan. Soat 23:30 larda bolalar, binoning ikkinchi qavatidagi xonaga chiqib, uxlagan. Ularda hech qanday kasallik belgilari bo‘lmagan. U. Xaitovaning taxminan soat 23:30 larda boshi qattiq og‘rigan, ko‘ngli aynigan va ko‘p marta qusgan. Xonadon egasi A.Akbarov kabob iste’mol qilingan vaqtda uyda bo‘lmagan, qo‘shnisinikida bo‘lib, taxminan soat 24:00 da uyiga qaytgan. Ayolining sog‘lig‘i yomonlashganligi to‘g‘risida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilmagan. Er-xotin binoning birinchi qavatida uxlagan.
2018 yil 31-oktabr soat 04:00 da U. Xaitova ikkinchi qavatdagi farzandlari uxlayotgan xonani ochib ko‘rganda bolalarini og‘zidan ko‘pik qusuqlari chiqib, behush holda yotganligini ko‘rib, tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan. Soat 04:30 da tez tibbiy yordam mutaxassislari kelib, ular tomonidan U. Xaitovaning qizlari Akbarova Aziza, E’zoza, Iroda va o‘g‘li Akbarov Farruxda biologik o‘lim holati qayd etilgan. Ayni paytda A.Akbarov sog‘lom, uning turmush o‘rtog‘i U. Xayitovaga esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, ahvoli qoniqarli.
Ushbu xonadon egalari Dilxush ko‘chasi 37-uydagi yangi qurilgan 3 qavatli binoga yaqinda ko‘chib o‘tgan. Uy yerto‘lada o‘rnatilgan, tabiiy gazda ishlaydigan isitish qozoni orqali isitiladi.
Yuzaga kelgan ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshirig‘iga muvofiq, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislaridan iborat hukumat komissiya tuzildi. Komissiya tomonidan ushbu holat bo‘yicha ovqatdan yoki is gazidan zaharlanish taxminlari o‘rganilmoqda.
A.Akbarov xonadon va milliy taomlar kafesidagi tashqi muhit obyektlaridan tahlillar uchun tegishli namunalar olinib, Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatining laboratoriyasiga topshirildi. O‘rganilayotgan taxminlar, laboratoriya tahlillari natijalari hamda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot beriladi.