TOShKENT, 11 okt – Sputnik. “Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armalarni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Qaror loyihasida zahira jamg‘armasi mablag‘larining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda Vazirlar Mahkamasining davlat hamda jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armasi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zahira jamg‘armalari mablag‘larining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat hamda jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armalari shakllantirish belgilangan.
Qaror ilovasida Respublika va Hududiy jamg‘armalardan mablag‘ ajratish bo‘yicha respublika Kuzatuv kengashi va hududiy Kuzatuv kengashlar tarkibi tasdiqlash nazarda tutilgan.
Qaror loyihasida aytilishicha, Respublika va Hududiy jamg‘armalar yuridik shaxs tuzmasdan tashkil etiladi hamda ularning mablag‘lari shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida jamlanadi.
Shuningdek, Respublika va Hududiy jamg‘armalar mablag‘lari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari orqali davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash uchun sarflanadi.
Qaror loyihasi 10-noyabrgacha muhokama qilinishi belgilangan.