TOShKENT, 4 okt - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun prezident tomonidan imzolandi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, banklar endilikda mikroqarz berish bank operatsiyasini amalga oshiradigan bo‘ldi.
Endilikda litsenziya talab etadigan faoliyat turlari uchun litsenziyaning amal qilishi muddati cheklanmagan holda beriladi. Qonunchilikda litsenziyaning muddati cheklanishi mumkin, lekin bu muddat besh yildan kam bo‘lmasligi lozim.
Shuningdek, kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra aeroportlardagi tashish ishlarini bajaruvchi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish, audiovizual asarlarni tayyorlash, dublyaj qilish va ekranda namoyish etish uchun litsenziya olish talab etilmaydi.
Mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha yillik qarz miqdorining yarmidan ko‘pini tashkil etadigan summada foizlar hisoblash, vositachilik haqlari va neustoyka (jarima, penya) undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qo‘llash taqiqlanadi.
Endilikda bojxona brokeri sifatida faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlashga olib chiqish uchun tovarni qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslarini vakolatli organ bilan kelishish, O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazmasligi haqida vakolatli organning xulosasini olish talabi bekor qilindi.
Bundan tashqari bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisning malaka attestati bekor qilindi.