Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi 16 %gacha oshdi

© Baxodir MamadjanovSentralniy bank Respubliki Uzbekistan
Sentralniy bank Respubliki Uzbekistan - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishda inflyatsion xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi hamda kelib tushayotgan ma’lumotlar tahliliga asoslangan bosqichma-bosqichli yondashuvdan foydalanadi

TOShKENT, 22 sen - Sputnik. Markaziy bank Boshqaruvi qayta moliyalash stavkasini 2018-yilning 25-sentabridan 2 foiz bandga oshirib, yillik 16 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

"Mazkur qaror so‘nggi oylarda yuzaga kelgan tashqi iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda qabul qilinib, inflyatsion kutilmalarning oshishi, ma’muriy tartibga solinadigan narxlarning o‘sishi va valyuta almashuv kursi o‘zgarishining ichki narxlarga ta’siri kuchayayotgan sharoitlarda inflyatsion bosimni pasaytirishga yo‘naltirilgan", - deyiladi bank xabarnomasida.

Yillik inflyatsiya sur’atlarining sekinlashib borishiga qaramasdan, inflyatsion xatarlarning kuchayishi hisobiga kelgusida ushbu dinamikaning o‘sish tomonga o‘zgarishi ehtimoli keskin oshdi. Pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi mazkur xatarlarni hamda inflyatsion kutilmalarni pasayishiga xizmat qiladi.

Ta’kidlanishicha, bank tizimida likvidlikning nisbiy profitsiti mavjud sharoitda, qayta moliyalash stavkasi oshirilishi jami kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalariga aytarli ta’sir ko‘rsatmaydi.

Proverka dollarov na podlinnost - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda dollar kursi nega oshmoqda? - Markaziy bank izohi

Bunda, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha bozor foiz stavkalarining nisbatan yuqoriligi kreditlarga bo‘lgan talabning bir qismini xorijiy valyutadagi kreditlar hisobiga qondirilishiga olib kelib, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif darajasiga bilvosita ta’sir ko‘rsatadi.

Markaziy bank tomonidan ushbu qabul qilingan qarorlar ta’sirchanligini oshirish maqsadida qo‘shimcha sterilizatsiya instrumentlarini faollashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi hamda davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarish bo‘yicha Moliya vazirligi bilan hamkorlik davom ettiriladi.

Qayta moliyalash stavkasining oshirilishi birinchi navbatda, inflyatsion kutilmalar va tashqi inflyatsion omillarning kuchayishi bilan bog‘liq xatarlarni minimallashtirishga qaratilgan.

Ajratilayotgan kredit qo‘yilmalarining qariyb yarmi davlat dasturlari doirasidagi kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelishi, shuningdek, 2018-yilning 1-oktabridan boshlab joriy etiladigan majburiy rezervlar bo‘yicha yangi normativlar depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari oshganda ham kreditlar bo‘yicha stavkalarni oshirish zaruratini kamaytirib banklarga foiz yuklamasini pasaytirish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida, mazkur qaror iqtisodiy o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligidan dalolat beradi.

Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishda inflyatsion xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi hamda kelib tushayotgan ma’lumotlar tahliliga asoslangan bosqichma-bosqichli yondashuvdan foydalanadi. Markaziy bank tomonidan ichki narxlar o‘sishiga monetar omillar ta’sirini pasaytirish maqsadida pul-kredit siyosatining barcha instrumentlari keng ko‘llaniladi.

Yangiliklar lentasi
0