TOShKENT, 21 sen – Sputnik. Gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalari, shuningdek, tabiiy gazda ishlaydigan markazlashtirilgan qozonxonalardan bexatar foydalanishga doir shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorda ta’kidlanishicha, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarining soni 670 taga yetdi va avtotransport vositalarining 50 foizdan ortig‘i muqobil yoqilg‘i sifatida siqilgan tabiiy gazdan foydalanmoqda.
Shu bilan birga, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarida gaz ballonlarini to‘ldirishda, gaz balloni uskunalarining birikkan joylari zichligi va ishonchliligini davriy sinovdan o‘tkazishda, shuningdek, eskirgan gaz ballonlaridan foydalanish oqibatida belgilangan talab va tartiblarni buzish holatlari uchramoqda.
Bu kabi qoidabuzarliklar insonlar hayoti va salomatligiga zarar yetkazadigan va ko‘pincha o‘lim bilan tugaydigan baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, 2018-yil 18-sentabr kuni Buxoro viloyatining Kogon tumanida “Isuzu” yo‘lovchi avtobusida o‘rnatilgan gaz balloni portlashi oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, 21 kishi jarohatlangan.
Qozonxona uskunalaridan foydalanish ishonchliligini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va ularni tabiiy gaz bilan ta’minlash tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi, energiya ta’minoti va energiya samaradorligi masalalariga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti.
Avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari va gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarini, shuningdek, tabiiy gazda ishlaydigan markazlashtirilgan qozonxonalarni xatlovdan o‘tkazish hamda ularning ishonchliligi va xavfsizligini oshirishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etildi.
Shuningdek, qarorga muvofiq gaz ballonlari bilan jihozlangan va yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport vositalari (taksilar)ni 2018-yil 1-dekabrgacha, jismoniy shaxslarning avtotransport vositalari hamda tashkilotlarning gaz ballonlari bilan jihozlangan hamda ishlab chiqarish jarayonida va yuklarni tashishda foydalaniladigan maxsus texnikasi – texnik ko‘rikni o‘tkazishning belgilangan muddatlarida xatlovdan o‘tkazilishi belgilandi.