TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashdi.
Tomonlar Toshkent viloyatida “Ximgrad” texnopolisning filialini tashkil qilishga kelishib olishdi. Rustam Minnizanovning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda asosiy maqsad – kompaniyalarni izlash va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir. Toshkent viloyatining maydonlardan birida kerakli infratuzilma mavjud, maxsus soliq rejimi joriy etilgan.
Yana bir muhim yo‘nalish – “Eydos-Meditsina” kompaniyasi bilan tibbiy robot-simulyatorlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma korxona ochish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, “KAMAZ” kompaniyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqildi. Kompaniyada O‘zbekistonda sherik-korxonalar mavjud va servis markazlar ochilgan. Tatariston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sentabrda yana bir qo‘shma kompaniya ochilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv doirasida qo‘shma loyihalarni, jumladan, bolalar uchun oziq-ovqat mahsulotlarni ishlab chiqarish, Tatariston mahsulotlarini O‘zbekiston bozorida sotish, shuningdek O‘zbekiston mahsulotlarini Tataristonga yetkazish masalalari bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.
G‘ulomjon Ibragimov 2017-yil oktabr oyida va 2018-yil mart va avgustda Tataristonga tashrif buyurgandi.
Shu bilan birga, shu yil may oyida Toshkent viloyati hokimi Rustam Minnixanov bilan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida muloqot qilgandi. O‘sha vaqtda Tatariston hukumati va Toshkent viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalarini amalga oshirish haqida bitim imzolangandi.