TOShKENT, 3 sen — Sputnik. O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov yoshlarning o‘qishga motivatsiyasini oshirishda birgalikda harakat qilish haqida murojaatni Facebook’dagi sahifasida joylashtirdi.
Shermatovning so‘zlariga ko‘ra, prezident tomonidan xalq ta’limi tizimini tubdan yaxshilash bo‘yicha boshlangan tashabbusni qo‘llash maqsadida barcha vazirlik va idoralar rahbarlariga 5-sentabr kuni o‘zlari o‘qigan maktabga borib, yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirda ishtirok etishlarini so‘rab murojaat qilgan.
Unga ko‘ra, maktabdagi tadbirda har bir rahbar o‘zining hayotidan misollar keltirib, ular erishgan muvaffaqiyatlarda maktabdagi ta’lim va tarbiyaning roli katta bo‘lgani, qolaversa, o‘quvchilarga maktab davrida yaxshi o‘qib, vaqtdan unumli foydalanish muhimligi haqida qisqacha ma’ruza qilib berish taklifi berilgan.
“Quvonarlisi, ko‘pchilik vazirlik va idoralar rahbarlari hamda joylardagi hokimlar tomonidan ushbu taklif ijobiy qabul qilinib, 5-sentabr kuni maktablardagi tadbirlarda qatnashishga tayyor ekanliklari bildirildi. Shuningdek, maktab bitiruvchilari orasida hayotda ko‘pchilik havas qiladigan boshqa soha vakillari ham ko‘p. Ular orasida bugungi kunda taniqli tadbirkorlar va xalq xizmatida yurgan insonlarning jamiyatda tutgan o‘rni beqiyos.
Fursatdan foydalanib, ularni ham 5-sentabr kuni o‘z maktablariga kelib, yoshlarni o‘z hayotiy tajribalari asosida motivatsiya qilishga hissa qo‘shishga taklif etamiz. Bu o‘quvchilarda o‘zi o‘qiyotgan maktabdan faxrlanish tuyg‘usi hamda yanada yaxshiroq o‘qishga intilish shakllanishiga o‘ziga xos turtki bo‘ladi.
Maktablarda muammolar va qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p, lekin eng asosiysi, bolalarimizni o‘qishga chin dildan qiziqtira olsak, eng katta natijaga erishgan bo‘lamiz. Shunda ular qiyinchiliklarga qaramay o‘zlari o‘qishga intiladigan bo‘ladilar”, - deb yozgan Sherzod Shermatov.