Yangi rahbar, yangicha yondashuv. Biz bugun katta o‘zgarishlarni kutayapmiz Ta’lim vazirligidan. Faqat... muammolar eski va shu holat maktablarga o‘zgarishlar shamoli yetib kelishiga halal berayotgandek go‘yo...
Kuni kecha 2018-2019 o‘quv yili oldidan tashkillashtirilgan birinchi ota-onalar majlisida ishtirok etdim. (O‘g‘lim boshlang‘ich sinda tahsil oladi)
Aytishim kerak-ki, 24-avgust kuni o‘tkazilgan XPK sessiyasida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ota-onalar majlislari "ayollarning yig‘ini"ga aylanib qolganini alohida ta’kidlagan va sessiya ishtirokchisi sifatida, vazir majlislarga juda to‘g‘ri ta’rif berdi, deya ko‘nglimdan o‘tkazgan edim.
...Sinf xonaga kirib kelganimda (5-8 daqiqa kech qolib) ota-onalar kengashi raisi o‘tgan o‘quv yili oxirida to‘plangan remont va fond pullari nimalarga sarflangani haqida hisobot berayotgan ekan. Men sobiq o‘qituvchi sifatida (ota-onalar kech qolishini hisobga olgan taqdirda ham) majlisni avval sinf rahbari boshlab berishini kutgan edim.
Ma’lum vaqtni olgan "hisobot"dan keyin, nihoyat, yangi tayinlangan sinf rahbari so‘zga chiqdi, o‘zini tanishtirgach yangi o‘quv yilida "birinchi qo‘ng‘iroq" nechada boshlanishi, birinchi dars mavzusi, fanlardan nechta daftar kerak bo‘lishi va xarid qilinishi kerak bo‘lgan boshqa narsalar haqida aytib o‘tdi.
Bu yil maktabda birinchi qo‘ng‘iroq kuni bolalarga osh tarqatilishi ma’lum qilindi, albatta, bu yaxshi yangilik.
Ammo hammasi shundan keyin boshlandi.
Gap orasida yig‘imlar "rasman taqiqlangani" haqida e’lon qilingach, sinfda o‘quvchilar soni ko‘payganligi sababli, maktab fondi bu yil 15 ming so‘m o‘rniga 10 ming so‘mni tashkil qilishi, darsdan keyingi "prodlenka" har kuni 5 ming so‘mdan ekani ta’kidlab o‘tildi.
Tabiiyki, shu yerda fond pulini bermaydigan ota-onalar masalasi ko‘tarildi.
Aslida, har safar o‘quvchi ota-onasini qiynaydigan muammolar qolib, mana shu "pul" mavzusi qizg‘in muhokama etiladi. Pul beradigan ota-onalar pul bermaydigan ota-onalarni qoralaydi, nega birovning bolasi uchun (aslida mutlaqo keraksiz bo‘lgan) narsalar(bu haqda quyiroqda aytiladi)ga ular pul to‘lashlari kerakligi iddao qilinadi.
Har safar yanagi oy ham sinfning teng yarmi pul topshiradigan bo‘lsa, pul bermaydiganlarning bolalariga u yoki bu bayramda sovg‘a(yoki boshqa narsa) olinmasligi kabi gaplar aytiladi.
Bolada nima ayb!?
Hammamiz bilamiz, islohotlar markazda boshlanadi. Ammo Toshkentga kelgach va o‘g‘limni shu shahardagi maktabga qo‘ygach, ota-onalar majlislariga ketqazadigan vaqtimga achinadigan bo‘lganman...
Axborot asrida ota-onalarni farzadining bilimi kallada emas, oddiy fayl papkada, yana qog‘ozda yig‘ilishi ko‘proq tashvishga solishini ko‘rib, hayratlanaman. "Ey, odamlar, axir poytaxtda svet o‘chmaydi, eng so‘nggi islohotlar jarayonini siz bevosita kuzatishingiz imkoni bor, bugungi harakatingiz farzandingizgina emas, balki mamlakat kelajagiga dahldor, nega tushunishni istamaysiz?! Nega o‘zgarishni xohlamaysiz?", - deya hayqirgingiz keladi.
Yonimdagi partada o‘tirgan ayol menga yuzlandi (u sinfga yangi kelgan o‘quvchining onasi ekan): "Har majlis shunday shovqin bilan o‘tadimi?". "Ha", deganimdan so‘ng "Biz kelgan maktabda yig‘imlar katta bo‘lsa ham, majlislarda o‘qituvchi gapirardi, pashsha uchsa eshitilardi, o‘qituvchimiz koreyanka edi" dedi.
Ota-onalar shovqini tinavermagach, qo‘l ko‘tarib, bu yil maktablarda qanday yangi to‘garaklar ochilishi haqida so‘radim.
O‘qituvchining bundan xabari yo‘q ekan. O‘quv yili boshlanishiga esa atigi bir hafta qolgan...
Kitoblar komplekti 30ta o‘rniga 22ta keltirilgan, qolgani qachon keltiriladi, degan savolga ham javob yo‘q. Kitoblar ijarasi narxi ham hali "yuqoridan" ma’lum qilinmagani aytildi.
Ijara narxi-ku, ma’lum bo‘lar, lekin kitoblar masalasi-chi? Qachon oydinlik kiritiladi? 5-sentabr kuni bolani maktabga olib borish o‘rniga kitob izlaymizmi?
Yoki sinf rahbari taklif qilganidek, kitoblarning onlayn variantini printerdan chiqarib olish kerakdir hozirdan. Farzandimiz bilim olishi uchun shunday variantlarga ham tayyormiz.
Shuningdek, majlisga kelgan aksariyat ota-onalarni malakali o‘qituvchilar bu yil maktabga kelgan-kelmagani emas, sinfning ikkinchi smenadan birinchisiga o‘tkazilishi ko‘proq qiynardi.
Qiziq, shaharning narigi burchagiga o‘qituvchilari bilimni yaxshi beradigan maktablarga bolasini ikkinchi smenaga bo‘lsa ham olib boradigan ota-onalar nega bunday yo‘l tutarkin? Vaqti ko‘pligidanmi?
Darvoqe, O‘zbekistondagi ta’lim tizimida ro‘y berayotgan islohotlar haqida axborot bergan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov endilikda maktablarda korporativ boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgan edi.
Boshqaruv direktorga "sobitqadam" bo‘lgan ota-onalar kengashi raisi va uning dugonalariga o‘tadigan bo‘lsa, nima o‘zgaradi degan savol tug‘iladi?!
Shermatov shuningdek, bu yil sentabrda "yig‘imlar" masalasio‘z yechimini topadi, deya va’da bera olmasligini, buning uchun shaffof ishlaydigan tizimni, balki onlayn-to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerakligini aytgan va bunday o‘zgarishlar vaqt talab qilishini qo‘shimcha qilgan edi.
Menimcha, eng birinchi ishni mana shu nozik masalani hal etishdan boshlash kerak.
20 nafar o‘quvchidan 10 ming so‘mdan to‘planganida, oyiga 200 ming so‘m pul yig‘iladi.
Shundan 50 ming so‘mi maktab fondi (direktorga har oyda topshiriladi), daftarlar ustiga qog‘oz jildlar, farrosh xizmati, sinfxona uchun bo‘r, sovun, salfetkalar xaridi, fanlardan turli qoida va jadvallarni qog‘ozga chiqarish (mutlaqo keraksiz va bir marta ham ochib qaralmaydigan varaqlar), bayramlar uchun sarf-xarajatlarni tashkil qiladi. Shunday qilinadiki, bu 200 ming so‘mdan nima qilib bo‘lsa hamki, oy yakunigacha ortmasin...
Pullarning asosiy qismi keraksiz qog‘ozlar uchun sarflanadi.
O‘quvchi dars davomida o‘tiladigan qoidalarni alohida qalin daftarga yozib boradi, demak, alohida varaqlarda u qoidalar chiqarilishiga hojat yo‘q. Qolaversa, ota-onalar kengashi raislari tomonidan bu qoidalarni printerdan chiqarib berish qarori mustaqil qabul qilinadi.
Zamonga qiyo boqqan holda, telegrammda o‘z sinf guruhlarini tashkil qilgan "rais" uchun u yoki bu masala bo‘yicha "Hech kimda e’tiroz yo‘qmi?" degan savolga birgina ota yoki onaning "yo‘q" degan javobi kifoya.
Eng achinarlisi, pul bermaydigan ota-onalarni muhokama qilishga qodir onglar, keraksiz harajatlardan muddao ne degan savolni o‘z-o‘ziga berib ko‘rmaydi. Ularning bu harakatiga Ta’lim vazirligi ham ta’sir ko‘rsata olmaydi bugun.
Qoidalar yod olinishi, hech bo‘lmaganda mustaqil o‘rganilib, anglab olinishi o‘rniga nega qog‘ozda "mung‘ayib" turishi kerak? Kelgusi avlod uchunmi?
Bir yillik maktab fondi uchun har bir sinfdan yiliga 450 ming so‘m to‘plab berilar ekan, bu pullar nimalarga sarflanayotgani nega ochiq barchaga ma’lum qilinmaydi?
Maktabda bolalar uchun qiziqarli to‘garaklar bo‘lmasa, ayrim o‘qituvchilarning savodi hatto "3" bahoga tortmasa, kim bergisi keladi fondga pulni?
Yoki hammasi shaffof bo‘lib, fond pullari maktabning salohiyatini, obro‘sini oshiradigan maqsadlarga, qo‘shimcha to‘garaklar uchun sarflansa qaysi ota-ona pulini ayaydi?
Fond puli ixtiyoriy, deb jar solamiz. Nega mana shu "ixtiyoriy-majburiy" va boshog‘riqqa aylanib qolgan, samarasiz, odamlarni asosiy masaladan chalg‘itadigan tizimga tezroq barham topmaymiz?
Ammo bu savollarga maktabdagi muhit uchun javobgar bo‘lgan direktordan tortib, ta’lim tizimidagi mutasaddilar javob berishni istashmaydi.
Chunki bu yuqorida ular ta’kidlaganidek - yechimi ko‘p vaqt talab etadigan o‘ta murakkab masaladir.