TOShKENT, 28 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni avtomobil transporti sohasida boshqaruvni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, transport xizmatlari ko‘lamini kengaytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Yig‘ilishda sohadagi islohotlarni davom ettirish, tumanlararo va shaharlararo yo‘nalishlarda, tuman markazi bilan olis qishloqlar o‘rtasida zamonaviy transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Xususan, joriy yil yakunigacha transport xizmati ko‘rsatishda yangi tizim joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Unga ko‘ra, tuman va yo‘nalishlar bo‘yicha transport xizmati ko‘rsatish faoliyati davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy operator-dispetcherlarga beriladi. Litsenziyaga ega va tender g‘olibi bo‘lgan xususiy operator-dispetcher tegishli hudud yoki yo‘nalishda shartnoma asosida barcha transport xizmati ko‘rsatuvchilarni birlashtirib, ular uchun yagona platforma tashkil etadi. Yo‘lovchi kam yo‘nalishlarga transport qo‘yish davlat talabi etib qo‘yiladi. Xizmat ko‘rsatuvchilarga “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar–kelajagimiz” davlat dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar beriladi.
Hududlarda transport yo‘nalishlarining 30 foizdan ortig‘i ishlamayotgani, shu bois viloyatlarda 13 ta avtokorxona tashkil etib, ularga bu yil 400 ta, keyingi yil oxirigacha 780 ta “Isuzu” avtobusi sotib olish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda odamlarning o‘z yuk mashinalaridan foydalanib, daromad topishi uchun qulaylik yaratish zarurligi ta’kidlandi. Yuk tashish tizimiga xususiy sektorni jalb qilib, yuk tashuvchilarga litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish, xususiy ekspeditorlik tashkilotlari faoliyatini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Tranzit yuk tashishda O‘zbekiston vakillari ishtirokni kengaytirish, magistral yo‘l infratuzilmasi rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston orqali yuk tashishni ko‘paytirish uchun xorijiy davlatlar va yirik kompaniyalar bilan qo‘shimcha bitimlar imzolash, Trans-Afg‘on, Trans-Kavkaz, Trans-Xitoy kabi avtomobil yo‘llaridan foydalanishni jadallashtirish, yuk tashuvchilar bilan hamkorlikda korxonalar tashkil etish, sohaga oid xalqaro hujjatlarga qo‘shilish, tegishli qonun loyihasi ishlab chiqish vazifalari qo‘yildi.
Toshkentda yo‘nalishlarni boshqarish samarasi pastligi, avtobuslar parki 75 foizga eskirgani, bekatlarda avtobuslarning kelib-ketish vaqtini ko‘rsatuvchi elektron tablolar, bepul internet, avtobuslarda mobil ilovalar va videokuzatuv moslamalari yo‘qligi tanqid qilindi. Shu bois Toshkent shahrida yo‘lovchi tashish transporti tizimini tubdan yangilash konsepsiyasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Transport xizmati ko‘rsatish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish, yo‘lkira uchun elektron to‘lov tizimini joriy qilish, poytaxtda yo‘lovchi tashish tizimi va infratuzilmasini yirik megapolislar darajasida rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.