TOShKENT, 26 avg – Sputnik. Ushbu yilning 9-avgust kuni Toshkentdagi “Aurum 898” klubida sodir bo‘lgan jinoyat jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi, deb xabar qilmoqda “Toshkent” telekanali.
Muhokama ishtirokchilari Toshkentdagi “Aurum 898” tungi klubida sodir bo‘lgan jinoyatning tub sabalarini tushunishga harakat qilishdi. Xususan, jamoat joyga pichoq bilan kelib janjal boshlagan sobiq sportchi Jamshid Kenjayev, o‘z kasbining qonuniy chegarasini bilmaydigan qo‘riqchilar hamda ularni shartnomasiz va litsenziyasiz ishga qabul qilgan klub rahbariyati hatti-harakatlari oqibatlari va ularning javobgarlik darajasi muhokama qilindi.
Ko‘rstuvda xabar berilishiga ko‘ra, Jamshid Kenjayev 8-avgust kuni soat 21lar atrofida Yashnobod tumanidai Chia-town kafesida do‘stining tug‘ilgan kunida ishtirok etadi. U yerda spirtli ichimliklar ichganidan so‘ng soat 23:30 larda Yunusobod tumanidagi “Aurum 898” tungi klubiga keladi.
Shu kuni uning yonida pichoq bor edi. Buni ko‘rgan qo‘riqchilar Kenjayevga binoga pichoq olib bilan kirish mumkin emasligini tushuntiradi, lekin shunga qaramasdan u klubga kirishga urinadi va natajada klub qo‘riqchilari va sobiq sportchi orasida janjal kelib chiqadi.
Jahl ustida Kenjayev klub qo‘riqchilari Abdurasul Mirziyev va Sherali Ilosovga yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan tan jarohati yetkazadi.
Janjal davomida Shodali Qilichev, Sayidazim Kamoliddinov, Alijon Hamroyev va Jahongir Yorqulov va boshqa xodimlar pichoq, bita hamda oyoq qo‘llari bilan Jamshid Kenjayevga zarbalar berishadi va unga og‘ir tan jarohatlari yetkazishadi. Oqibatda Kenjayev kasalxonaning reanimatsiya bo‘limida vafot etadi.
Ushbu jinoyat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi O‘zbekiston JKning 97 moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) birinchi qismi va 277 moddaning “V” bandi bilan (sovuq qurol ishlatib bezorilik qilish), jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tekshirish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.
Jamoatchilik muhokamasida tungi klub qo‘riqchilarining harakatlari tahlil qilindi. Bunda ularning hech bilida qo‘riqchilik litsenziyasi yo‘qligi, klub va qo‘riqchilar og‘izaki shartnoma asosida ishlashi va ularga favqulodda vaziyatlarda o‘zlarini qanday tutish kerakligi haqida yo‘riqnoma berilmagani alohida qayd etildi.
Huquqni saqlash organlari vakillari, agarda klub qo‘riqchilari qonun doirasida harakat qilib, pichoq bilan kelgan bozorini zararsizlantirganida va uni IIV vakillari qo‘liga topshirganida, bugun ularning qo‘liga kishan solish o‘rniga, minnatdorlik bildirilishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, ko‘rsatuvda Jamshid Kenjayevga ham qisqacha tavsifnoma berilgan. 2016-yilga qadar erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi bo‘lgan Jamshid Kenjayev oxirgi vaqtlarda ishsiz qolganligi va spirtli ichimliklar iste’mol qilish hamda doimiy ravishda yonida pichoq olib yurishi aniqlangan. Sportchi xulq-atvoridagi ushbu o‘zgarishlarni na uning ota-onasi va na jamoatchilik "sezmagan".
IIV vakili so‘zlariga ko‘ra, tergov jarayonida, jinoyat sodir bo‘lgan kuni Jamshid Kenjayev tungi klubga mast holda pichoq belan kelganligi va janjalni boshlangani ham aniqlangan.
Ko‘rsatuv yakunida, bezorilik qilgan Jamshid Kenjayevga, o‘z kasbining qonuniy chegarasini bilmaydigan qo‘riqchilarga hamda qo‘riqchilarni shartnomasiz va litsenziyasiz ishga qabul qilgan, ularga favqulodda vaziyatlarda o‘zini qanday tutish haqida yo‘riqnoma bermagan klub rahbariyati va boshqa shaxslar hatti-harakatlariga qonuniy baho berilishi aytilgan.