TOShKENT, 22 avg — Sputnik. XXR delegatsiyasi mamlakat kommersiya vaziri o‘rinbosari Van Shouven boshchiligida savdo masalalari bo‘yicha qarama-qarshiliklarni muhokama qilish uchun chorshanba kuni Vashingtonga muzokaralarga yo‘l oldi.
Bu haqda Xitoyning Markaziy televideniyesiga tayangan holda RIA Novosti xabar berdi.
Aytish joizki, muzokaralar 22 va 23-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi, chunki payshanba kuni AQSh va XXR o‘rtasida o‘zaro bojlar kuchga kiradi. Bojlar ikki tomondan ham umumiy qiymati 16 milliard dollar bo‘lgan ikkinchi tovarlar ro‘yxati bo‘yicha kiritilgan.
Xitoy TIV rasmiy vakili Lu Kan seshanba kuni Vashingtonda o‘tkaziladigan ikki kunlik uchrashuvlar natijasi ijobiy bo‘lishiga umid bildirdi. Kan Vashington va Pekin tenglik va o‘zaro ishonch asosida ikkala tomonga ham ma’qul keladigan o‘zaromanfaatli qarorga kela olishiga umid qilmoqda.
Xitoy va AQSh fevral oyidan buyon savdodagi ziddiyatlarni bartaraf etishga qaratilgan 4 raundda muzokaralar o‘tkazdi. Ammo Pekinda bo‘lib o‘tgan oxirgi uchrashuvdan so‘ng, savdo sohasidagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga erishilmagach, ikki davlat o‘rtasida aloqalar to‘xtatilgan edi. Shu bilan birga Xitoy tomoni o‘zaro yon bosish va savdo urushini olib borishdan voz kechishni savdo borasida kelishuvning asosiy talablaridan biri sifatida ilgari surgan.
Biroz oldin The Wall Street Journal nashri ikki mamlakat amaldorlariga tayangan holda, Xitoy va AQSh hukumati savdo muzokaralari bo‘yicha yo‘l xaritasini tayyorlayotgani haqida xabar berdi. Bu choralar kulminatsiyasi - noyabr oyidagi ASh prezidenti Donald Tramp va Xitoy yetakchisi Si Szinpin uchrashuvi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.