TOShKENT, 9 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkent shahrida "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunning ijrosini o‘rganiladi, dedi jurnalistlarga O‘zbekiston Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ro‘zi Saidov, deb xabar qildi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Saidovning aytishicha, til haqidagi qonun ijrosini o‘rganish uchun Toshkent shahri tanlangani bejiz emas.
"Chunki hamma muammolar shu yerda. Toshkent shahri hududini olganimiz sababi, nashriyotlar, teleradiokompaniyalar, gazetalar, reklama beradigan joy hammasi shu yerda joylashgan. Mana ko‘chalardagi reklamalarni o‘zingiz ko‘rasiz qanday yozilishini. Obyektlarga nom berish ham allaqanday yevropacha usullarga o‘tib ketgan. Mana shu masalalarni bir o‘rganib chiqmoqchimiz", - deb ta’kidladi u.
O‘zbekiston Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Iqboljon Mirzaliyev ham til masalasi mavzusi uning eng og‘riqli nuqtasi ekanligini qo‘shimcha qildi.
"Dunyoda bizga o‘xshagan boqi-beg‘am, o‘zini hurmat qilmaydigan xalq boshqa bo‘lmasa kerak. Chunki 1989-yil o‘zbek tili to‘g‘risida qonun qabul qilingan, lekin haligacha bajarilmaydi. Yanagi yil Qonun qabul qilinganligiga 30-yil to‘ladi, lekin hamma beparvo, hammaga bir pul", - dedi Mirzaliyev va Toshkentdagi "Furqat" bog‘ini misol keltirar ekan, bog‘ maydonida, kiraverishda yozilgan nomidan boshqa birorta o‘zbekcha yozuv ko‘rmaganligini qo‘shimcha qildi.
Iqbol Mirzo, shu o‘rinda "Tilga qarshi chiqsak, millatchi bo‘lib qolmaymizmi", deya savol beradiganlar haqida ham to‘xtaldi.
"Nega millatchi bo‘lasiz? Siz o‘zingizning Qonuningizni bajarayapsiz-ku! Agar biz Qonunni bilsak, nimadan qo‘rqamiz? Axir biz boshqa millatga, boshqa xalqga, boshqa tilga qarshi urush e’lon qilayotganimiz yo‘q!? O‘zimizning tilimizni, o‘zimizni qaddimizni-qadrimizni bilaylik deyapmiz", - deb ta’kidladi senator.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunning ijrosini o‘rganish maqsadida, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va boshqa tuzilmalar mutasaddilaridan iborat ishchi guruh tuzilgan va vazifalar belgilab olingan.