TOShKENT, 31-iyul – Sputnik. Qashqadaryo viloyati IIB tizimidagi o‘ndan ortiq mansabdor shaxslar ishdan olindi hamda qator mansabdorlarga intizomiy chora ko‘rildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 23-26 iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi ahvoli bilan yaqindan tanishdi.
To‘rt kun davom etgan sohaviy o‘rganishlarning yakuniy hisoboti sifatida viloyat ichki ishlar boshqarmasida ichki ishlar vaziri P. Bobojonov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
“Majlisda ayrim ichki ishlar organlari xodimlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlar, xizmat faoliyatiga aloqador meyoriy hujjatlarning tub mazmun-mohiyatini anglamay, eskicha uslub va dunyoqarash bilan xizmat olib borayotganligi qayd etilib, qator rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rildi”, - deyiladi xabarda.
Qarshi va Muborak tumanlari IIB boshliqlari, Koson va Qarshi tumanlari IIB boshliqlarining o‘rinbosarlari, Shahrisabz, G‘uzor va Dehqonobod tumanlari IIB boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Muborak va Chiroqchi tumanlari IIB boshliqlarining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, viloyat IIB YHXB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda Qamashi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.
Ular xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo‘lib, xizmatni samarali tashkil etish choralarini ko‘rmagan hamda qo‘l ostidagi xodimlar faoliyatini talab darajasida nazorat qilmagani oqibatida shaxsiy tarkib o‘rtasida tartib-intizom susayib ketishiga sababchi bo‘lishgan.
Shuningdek, kadrlar bilan ishlash sohasida shaxsiy tarkib bilan kasbiy tayyorgarlik va tarbiyaviy ishlarning tizimli va samarali tashkil etilishini ta’minlamaganligi uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari B.Tursunqulovga hayfsan berildi.
Qo‘l ostidagi xodimlar faoliyatini yetarli nazorat qilmaganligi oqibatida ular tomonidan noo‘rin xatti-harakatlar sodir etilishi holatlariga yo‘l qo‘yganligi uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i E.Qurbonov ham hayfsan oldi.
Bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyat qidiruv, tergov, kadrlar bilan ishlash xizmatlari xodimlariga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi.