TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. "O‘zbekiston 24" telekanali poraxo‘rlik bilan shug‘ullanib kelgan qator ta’lim sohasi vakillari qo‘lga olinganligi haqida ko‘rsatuv namoyish etdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida fuqaro To‘laganova va Toshpo‘latovalar Toshkent pediatriya instituti rektori yordamchisi lavozimida ishlovchi Umid ismli tanishi orqali mazkur institutga o‘qishga kiritib qo‘yamiz deb, Mirzaabdullayevadan naqd 15 ming AQSh dollarini sanab olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
O‘zbekistonda pedagoglarni yetishtirib beruvchi Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetida ham xuddi shunday holat ro‘y bergan.
Ushbu oliygohning laboranti Boboyev Nurullayevni mazkur universitetning jismoniy tarbiya fakultetiga o‘qishga olib kirishni va’da qilib, undan 8 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Xuddi shu universitetning yana bir xodimi — dotsent Axmadaliyev ham fuqaro Salimovadan xohlagan fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yishga yordam berish evaziga 4 ming AQSh dollari so‘ragan va pulning teng yarmini olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mamlakatdagi ta’lim dargohlaridagi poraxo‘rlik holatlari haqida bundan oldin ham ko‘p marotaba yoritilgan, ammo shu kechayu-kunduzdagi kabi tezkor reydlar yoppasiga va bu qadar ochiq oshkor etilmagan edi.
Ushbu reydlarni O‘zbekistondagi ta’lim tizimini "oyoqqa qo‘yish" bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning hali boshlanishi, deb qabul qilsa bo‘ladi.
Oliy ta’lim vazirligi mutasaddilaridan iltimosimiz, shu kunlarda oliygohlar qoshida tashkil qilingan qabul komissiyalarida navbatda turgan abituriyentlardan "hujjatni qabul qilish jarayonini tezlashtirish" evaziga "30" yoki "50" ming so‘m olish bilan shug‘ullanayotgan "nopok xodimlar" masalasiga ham e’tibor qaratsangiz. Zero, abituriyent, o‘zi uchun muqaddas sanalgan dargohda ilk taassurotni qanday qilib "pora" berganligidan boshlamasligi lozim.