TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. Farzandlarimiz tarbiyasi, yurish-turishidan har kuni ogoh bo‘lmasak, ilmu-hunarga o‘rgatmasak, ularning qo‘li mehnatda qotmasa, munosib ish topib bermasak, yoshlarni zararli ta’sirlardan himoya qilish qiyin bo‘ladi, dedi 4-iyul kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Unga ko‘ra, mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan tuman pasporti ishlab chiqilgan. Mahallalarda "Yoshlar mehnat guzarlari" tashkil etish uchun bino va yer maydonlari ajratilib, tashabbuskor tadbirkorlar jalb qilingan. Tadbirkorlik, baliqchilik, bog‘dorchilik, savdo-sotiq qilish istagidagi yigit-qizlarga zarur mablag‘ va resurslar berilgan. Yoshlarni qiynab kelayotgan 1,5 mingdan ziyod muammolar aniqlanib, 1 mingdan ortig‘i joyida hal etilgan, qolgan 500 tasini ham hal etish choralari ko‘rilgan.
Ushbu tajriba natijalaridan kelib chiqib, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan "Yoshlar — kelajagimiz" Davlat dasturi qabul qilindi.
Bu dastur 1-iyuldan boshlab, barcha tuman va shaharlarda amalga oshirila boshlandi. Yoshlar ittifoqi huzurida "Yoshlar — kelajagimiz" jamg‘armasi va uning tuman (shahar) filiallari tashkil etildi. Jamg‘armaga bu yil jami 770 milliard so‘m ajratiladi. Jamg‘arma mablag‘laridan yoshlarning biznes loyihalari uchun yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kreditlar beriladi.
Dasturda har bir tumanda ajratiladigan kredit hajmi va uni oluvchilar soni, kredit beriladigan faoliyat yo‘nalishlari, buning natijasida yaratilishi zarur bo‘lgan ish o‘rinlarining miqdori aniq belgilangan.
Shuningdek, Dasturga ko‘ra joylarda fermerlarga 1 nafardan band bo‘lmagan yoshni biriktirib, unga bir gektar yer ajratish orqali ish bilan ta’minlash bo‘yicha yangi mexanizm joriy etish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish, Jamg‘arma mablag‘laridan samarali foydalanishni doimiy nazorat qilib, yoshlarning biznes loyihalarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni joyida hal qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Hokimlar va sektor rahbarlari uyushmagan, hech qayerda ishlamaydigan yoshlar bilan shaxsan uchrashib, xuddi o‘zining farzandi bilan gaplashganday muomala qilib, muammolarini o‘rganib, ularga yelkadosh bo‘lishi va eng avvalo ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rishi lozim, dedi davlatimiz rahbari.
"Farzandlarimiz tarbiyasi, yurish-turishidan har kuni ogoh bo‘lmasak, ilmu-hunarga o‘rgatmasak, ularning qo‘li mehnatda qotmasa, munosib ish topib bermasak, yoshlarni zararli ta’sirlardan himoya qilish qiyin bo‘ladi", — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarni yanada jonlantirib, ularda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida erta turmush va ajralishlarning oldini olish yuzasidan vazifalar qo‘yildi.
Videoselektorda mutasaddi va joylardagi rahbarlar jam bo‘lgani bois ayni kunlardagi yana bir dolzarb masala — g‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Bu yil ob-havoning quruq va salqin kelishi sababli g‘o‘za rivoji 10-15 kunga, ba’zi joylarda 20-25 kunga kechikkani qayd etildi. G‘o‘za parvarishidagi qoloqlikni bartaraf etish, kafolatlangan hosil yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda 5-iyuldan 5-sentabrga qadar "hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi" e’lon qilindi. Bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi.