TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Cho‘p suqsang, ko‘karadigan yerimiz bor, mehnatsevar xalqimiz bor. Lekin tomorqa yerlaridan — shunday katta rezervdan foydalanmayapmiz. Shuning uchun bugundan boshlab "Tomorqaga ekin ekish" oyligini e’lon qilib, har bir tomorqaga ekin ekishni tashkil etish kerak. Agar hozir ekmasak, keyin kech bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezident matbuot-xizmati xabar asosida.
Mirziyoyev yig‘ilishda tomorqalardan samarali foydalanish masalasiga alohida to‘xtaldi.
Aholi va dehqon xo‘jaliklariga tegishli unumdor tomorqa yerlaridan foydalanish mutlaqo talabga javob bermasligi tanqid qilindi. Aksariyat aholining 8-10 sotix tomorqa yeri bo‘lsa-da, hech narsa ekmagan.
Davlat rahbari kichik tomorqadan mo‘l hosil olib, oilasini boqayotgan, katta daromad topayotgan mehnatsevar odamlarni o‘rnak qilib ko‘rsatdi.
Bu borada aholiga ko‘maklashish maqsadida barcha tumanlarda "Tomorqa xizmati" korxonalarini tashkil etish, ular orqali tomorqalar uchun ko‘chat, mineral o‘g‘it, kimoviy preparatlar yetkazib berish, mexanizatsiya va boshqa servis xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha tizim yaratish yuzasidan topshiriq berildi. Shu xizmatlar yetishtirilgan hosilni xarid qilish, qayta ishlash, saqlash va eksport qilish bilan ham shug‘ullanadi.
Yig‘ilishda meva-sabzavot, kartoshka, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirish bilan bog‘liq ishlar ham muhokama qilindi. Joriy yilda 2017-yilga nisbatan 24 foiz ko‘p mahsulot yetishtirish rejalashtirilgani qayd etildi. Ushbu rejadagi meva-sabzavotlarni sifatli yetishtirish, xalq iste’moli uchun g‘amlash, belgilangan qismini eksport qilishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
"Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash — katta masala. Bu esa qishloq xo‘jaligida yuqori hosil olish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazishga bog‘liq", dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda g‘alla hosildorligini oshirish, chigit ekish ishlarini sifatli bajarish, meva-sabzavot, kartoshka, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirishga oid masalalar muhokama qilindi.