Tarixiy jarayonda milliy ta’lim tizimi faoliyatini aniq ko‘rsatib beruvchi bir gap bor: "Go‘shti sizniki, suyagi bizniki!"
Ko‘pchilik, "o‘qituvchining obro‘yini oshirish" deganda aynan shu holatni ko‘zda tutmoqda. Aytish lozim, endi hech qachon u darajaga qaytilmaydi.
Jamiyatda o‘qituvchining obro‘yi nega tushib ketmoqda o‘zi?
Birinchidan, obro‘ga munosib o‘qituvchining o‘zi kamayib ketdi.
Ikkinchidan, totalitar jamiyatda yashamayapmiz, hech kim hech kimga sig‘inishi shart emas, hamma erkin. Shunday bir holatda bir kasb egalarining boshqalardan ko‘ra ko‘proq obro‘ga ega bo‘lishi haqida gapirish noo‘rin. Xo‘sh, jamiyatda qaysi kasb egalarining obro‘yi yuqori?! Hammaniki deyarli bir xil. Bir qarashda bu boshqa mavzuday ko‘rinadi, lekin aslida ildizi bir: adabiyot nega bugungi kun qahramonini yaratolmayapti? Kasb asosiy mezon, asosiy vosita bo‘lmay qoldi. Jamiyatda kasb romantikasi yo‘qoldi.
Uchinchidan, jamiyatda moddiy boylikka sig‘inish, buyumparastlik, iste’molchilik kayfiyati kuchayib, ta’limga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bolalardan pul yig‘ish, o‘z oyligining kamligidan nolib, ishini chin ko‘ngildan bajarmaslik oxir oqibat shu vaziyatga olib keldi.
Shulardan kelib chiqib, jamiyatda o‘quvchilarning obro‘yini oshirish uchun nimalar qilish lozim?
"Mustaqillik berilmaydi, olinur"
Bu gapni o‘zgartirib aytish mumkin: obro‘ni birov bermaydi. Unga munosib bo‘lish lozim!
Demak, ustoz sekin-asta bolaning hurmatini oyoq osti qilib borgan. Oxir-oqibatda ustoz o‘zi o‘ylagan, kutgan darajadagi shaxs emasligini tushunib qolgan va bu nafratga aylanib ketgan. Xo‘sh, bunda kim aybdor? Kim bo‘lsa bordir, lekin o‘quvchi emas. Bola ustozdan o‘zi kutgan mehrni, e’tiborni ololmagach shu holga kelib qolgan. Balki, o‘qituvchi darsda barchaga e’tibor berishni uddalay olishi lozimdir. Hech kimni e’tiborsiz qoldirmaslik kerakdir! Shunday bir tizim yaratish lozimdir?
Hammasi yana pulga borib taqaladi
Kishining jamiyatdagi o‘rnini pul belgilaydigan bozor iqtisodi sharoitida yashayapmiz. Achchiq bo‘lsayam aytish lozim, Rossiyada qurilishda ishlab kelayotgan yigit, to‘rt yil o‘qigan o‘qituvchining oyligidan ikki barobar ko‘proq topayotgan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan o‘qituvchining obro‘yi bo‘lmaydi.
Lekin, bu o‘qituvchining oyligi oshishi bilan hammasi iziga tushib ketadi, degani emas. Shunday qilinsa, o‘qituvchilar Amerikada ishlab kelayotganlarga qarab, "oyligimiz past", deb o‘tiraveradi. Globallashuv jarayonida yashayapmiz, axir.
O‘zini boshqalar bilan taqqoslayvergan odam yutqazadi. Bunga ishonish qiyin bo‘lsa-da, kasb romantikasini yaratishga urinib ko‘rish lozim. Bunga esa yaxshi, ommabop badiiy asarlar, filmlar, videofilmlar orqali erishish mumkin. Bu holatda kishini o‘ylantiradigani — ijodkorlar "davlat buyurtmasi" desa tavakkaldan cho‘chib, sovuqdan sovuq, rasmiy davralarda aytiladigan gaplardan tuzilgan, birov ko‘rmaydigan, hujjatli filmga monand asarlar yaratishadi.
Tenghuquqlilik tamoyiliga putur yetmasligi kerak
Taniqli ustoz Omonulla Ma’dayev o‘qituvchilarning obro‘yini ko‘tarish uchun erkak o‘qituvchilarning ish haqini oshirish kerak, degan fikrda. Aks holda ular ta’lim tizimidan ketib qolmoqda.
O‘ylashimcha, hukumat bu darajaga bormaydi. Chunki tenghuquqlilik tamoyiliga putur yetadi. Umuman, judayam ko‘pchilik shu fikrda. Buning asosida esa "ta’limda zo‘rlik ishlatilishi lozim, bolalar majburlab o‘qitilishi kerak", degan g‘oya yotadi. Albatta, "majburiy ta’lim" bo‘lgandan keyin majburash kerak-da! Shu o‘rinda "majburiy" deganini ustozlar boshqacha tushunyaptilar. Har holda bu o‘qimanganning burnini yerga ishqalash, degani emas.
Bolalarni o‘qishga majburlashni bas qilish fursati yetdi
O‘qimaganlarni yerga urib, xo‘rlayverish shart emas. Jamiyatga nafaqat bilimli, balki irodali, qaysar, o‘z fikrini boshqalarga uqtira oladiganlar ham kerak. Qolaversa, o‘qish jazolash vositasi bo‘lib qolgan ekan, bolalarda unga intilish pasayishi tabiiy hol. "Go‘shti sizniki, suyagi bizniki" deyilgan gapda ham, bola manfaati umuman aks etmaydi va bu shunisi bilan dahshatli.
Sovet ta’limida bir tizim bo‘lgan: o‘qimaydigan, "ikkichi"larni maktabdan olib, kasb-hunar o‘quv yurtlariga yuborishardi (negadir ushbu o‘zini oqlamagan holat butun milliy ta’lim tizimiga kadrlar tayyorlash milliy dasturi sifatida joriy etildi, lekin bu boshqa masala).
Balki, 9-sinfdan keyin o‘qishni istamaydiganlarni o‘qitmay qo‘ya qolish kerakdir? Yoki shu sinfdan so‘ng maktabda o‘qishni davom ettirish uchun imtihon topshirish belgilab qo‘yilar. Bir paytlar "12 yillik bepul ta’lim O‘zbekistondan boshqa biror bir davlatda yo‘q", deb maqtanish ko‘p bo‘lardi. Rostdan ham yo‘q bo‘lsa, o‘zini oqlamagandir? Bo‘lmasa bolalarini O‘zbekistonchalik o‘qimishli bo‘lishini isaydigan, bunga iqtisodiy imkoniyati ham yetarli davlatlar kammi? Sir emas-ku, litsey va kollejlar shunchaki rasmiyatchilik uchun faoliyat ko‘rsatish darajasiga tushib qolgan edi. O‘qishni istaganlarning hammasi repetitorga qatnaydi.
Oliy ta’lim tizimni tubdan o‘zgartirish lozim
Oliy ta’limda o‘qishga kirishning qiyinligi va o‘qib bitirishning deyarli majburiyligi tizimni izdan chiqarib, har xil salbiy holatlarga sabab bo‘lmoqda. Axir amal-taqal qilib o‘qishga kirilsa, albatta bitirib chiqadi. Tartib-qoidalarga amal qilsa yetarli. Mazkur tizimni tubdan o‘zgartirish va o‘qishga kirishni osonlashtirish, kvotalar sonini oshirish, o‘qishni esa qiyinlashtirish lozim.
O‘qishga kirganlarning hammasiyam diplom olishi shart emas. Fanlarni o‘zlashtirmaganlarni ayovsiz ravishda talabalar safidan chetlatish tartibi joriy etilsa, ko‘plab muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi. Faqat, yakuniy imtihonlarni ta’lim bergan o‘qituvchining o‘zi olmagani ma’qul. Unda "yaqindagina joriy etilgan, talablarning o‘zlashtirishi uchun domlalarning javobgarligi masalasi nima bo‘ladi?" degan savol tug‘iladi. Buning ham yo‘li bor — o‘qishdan chetlatilgan talaba uchun domlaning faoliyati baholanmasa bas. Chunki o‘qishni istamaslik domlaning faoliyatiga ta’sir qilmasin.
O‘qituvchilarning ish natijalarini baholash mezonlari ishlab chiqilishi lozim. Baholagandayam, bolalarning umrini o‘tkazib yuborib, chalasavod qilib bo‘lgandan keyin emas, muntazam, davriy ravishda. Yuqorida aytilgan baholash tartibi faqat oliy o‘quv yurtlari uchun.
Tergovchi birovga ayb qo‘yguncha, "ish"ni yuzlab odamlarning chig‘irig‘idan o‘tkazadi… Qisqasi, har qanday kasb egalari o‘z ishi uchun javobgar (hatto eng kam maosh oladigan farroshlar ham), faqat o‘qituvchigina o‘z ishi natijasiga javob bermaydi. Yigirma-o‘ttiz yillab bolalarga dars berib, bir-necha avlodni chalasavod qilib yuborayotgan o‘qituvchining mushugini birov "pisht" demaydi. To‘g‘ri, o‘qituvchilarning malakasini oshirish tizimi joriy etildi va bu ustozlarning noroziligiga sabab bo‘ldi (majburlab o‘qitish hatto ustozlargayam yoqmaydi, bolalarni-ku qo‘yaverasiz). Qolaversa, bu ularning ilmini oshirishga urinish edi, ishini baholash emas.
Bolalarni maktabga qaytarish lozim
To‘g‘ri, tushunamiz, bilamiz, bozor iqtisodi… Ota-ona farzandini yaxshiroq o‘qitishni xohlaydi. O‘qituvchilar esa qo‘shimcha daromad istagida. Oqibat — repetitorlik. Lekin repetitorlarning barchasiyam bilimli, o‘z ishining ustasi emas. Maktabda bo‘lgani kabi, bolalarni aldab yurganlari ko‘p…
Maktabdagi ustozning esa dars berish salohiyati, yuqorida aytilganday, baholab borilsa, ota-onaning maktabga ishonchi, bolaning esa mehri oshsa kerak.
Ota-onaning ham maktabga, ustozga ishonchini, o‘zaro hurmatni oshirish fursati kelgan
Ular bolasini yetaklab kelib, "ikki" qo‘ygan ustozni yer bilan bitta qilib ketish odatini bas qilmasalar, ta’limda o‘zgarish bo‘lmaydi. Buning ham o‘z sababi bor. Maktab jamg‘armasiga pul to‘lab qo‘ygandan keyin, iddao qiladi-da. Buning yomon tomoni — bir yonda ustoz pul so‘raydi, bir yonda ota-ona ustozni qarg‘agan, bola o‘rtada sarson. Shunday holatda o‘rtada o‘zaro ishonch va hurmat qolishiga umid yo‘q. O‘zi nima kerak shu "maktab fondi"? Nahotki sinfdagi to‘rtta tuvakgul, parda va bo‘yalgan pol o‘zaro hurmat, bolaning nozik ko‘nglidan ustun bo‘lsa.
Nazarimizda bola chiroyli xonada o‘tirib, ustozidan nafratlangandan ko‘ra, oddiy xonada ustozidan faxrlanib bilim olgani ma’qul.
Lekin faqat moddiylikka berilgan kattalarga buni uqtirib bo‘larmikan? Adog‘i yo‘q komissiyalarga maktabning emas, ta’limning holati muhimligini uqtirib bo‘ladimi?
Pul aralashgan joyda nozik tuyg‘ularga o‘rin qolmaydi. Hatto ta’limdayam shunday!
Xullas, tarixda ta’lim tizimi bolaning terisini-ku shilib olgan, hatto go‘shtigayam ega chiqqan ekan, endi ota-ona bunga rozi emas, ustoz-ku o‘sha tartibni qo‘msaydi, lekin mumkin emas. Demak kelishish, har ikki, yo‘q, uch tomonga ma’qul uslublar topilishi lozim.