Sputnik O‘zbekiston tahririyati haftaning eng muhim xabarlarini e’tiboringizga havola etadi:
O‘zbekiston avtosanoatidagi muammolar
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-iyun kuni avtomobil sanoatiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda avtomobil sanoatida to‘planib qolgan muammolar sanab o‘tildi. Xususan, keyingi paytlarda ishlab chiqarish va eksport hajmi kamaygani, tarmoqning barcha darajadagi boshqaruvida korrupsiya, tovlamachilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar tomir otib ketgani tanqid qilindi.
Shu bilan birga, "O‘zavtosanoat" kompaniyasi boshqaruvi raisi Umidjon Salimov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Ushbu kompaniyaga avval Bosh prokuratura tizimida faoliyat ko‘rsatgan Shavkat Umurzoqov rahbar etib tayinlandi.
Keyinchalik Umidjon Salimov shu kompaniya raisining rivojlantirish va marketing bo‘yicha o‘rinbosari etib tasdiqlanganligi ma’lum bo‘ldi.
Murod Xonto‘rayev ishi
24 iyun kuni Toshkent shahrida taniqli kurashchi Murod Xonto‘rayevning qo‘lga olinganligi haqida xabarlar tarqalgan. Xususan, Murod Xonto‘rayev va bir qator shaxslar 20 dan 21-iyunga o‘tar kechasi Yunusobod tumanidagi tungi klublardan birida jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzganlik, tartibsizlik qilgani uchun ushlangan.
Keyinchalik Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi tomonidan Murod Xonto‘rayevga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan va u UYa 64/1-sonli Tergov hibsxonasiga yuborilgan.
YPX va PPX mashinalarining yangicha ko‘rinishi va "chiroyli" raqamlar
Toshkent shahrida YPX va PPX avtomobillari yangi ko‘rinishga ega bo‘ldi. Yangi avtomobillar inspektorlarning kundalik xizmati uchun zarur bo‘lgan barcha zarur aloqa vositalari, tashqi va ichki kuzatuv kameralari bilan jihozlangan.
Bundan tashqari, Vazirlar mahkamasining qarori bilan "chiroyli" raqamlarning boshlang‘ich narxlari va toifalari ham o‘zgardi.
Endilikda "chiroyli" raqamlar kamida 5 ish kuni muddatga (ilgari 3 ish kuni) auksionga qo‘yiladi. Bundan tashqari "chiroyli" raqamlarning boshlang‘ich narxlari va toifalari ham o‘zgardi. Xususan, 002, 003, 004, 005, 006, 008, 009 raqamlar kombinatsiyasi 2 toifaga o‘tkazildi. 2 toifa raqamlarining boshlang‘ich narxi agar ular har xil kombinatsiyadagi harflar bilan bo‘lsa eng kam ish haqining 40 baravari (ilgari 70 baravar) etib belgilandi.
Samarqand "rus" qismidagi qurilish
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Samarqandning rusiyzabon aholi orasida "russkiy Samarkand" deb ataluvchi qismiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida bosh vazir Samarqandning "rus" qismida bo‘lib, u yerdagi qurilishni to‘xtatishga topshiriq berdi. Shuningdek, bosh vazir yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar uchun qat’iy choralar qo‘llanilishini bildirib o‘tgan.
"Uzr, Rovshan aka": Utkin Ermatovdan kechirim so‘radi
Utkin Argentina-Xorvatiya uchrashuvidagi sudyalikdan keskin norozi bo‘lib, o‘zining arbitr haqidagi mulohazalarini Tvitterdagi sahifasida joylagan edi. Sharhlovchi Ermatov yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarga sariq kartochka ko‘rsatmaganidan darg‘azab bo‘lgandi.
Ermatovga nisbatan bildirgan haqoratlaridan keyin internet foydalanuvchilari Utkinga hujumga o‘tib, o‘zbekistonlik sudyani qat’iy himoya qildilar va sharhlovchidan Ermatovdan kechirim so‘rashni talab qilgan edilar.
Rossiyalik sport sharhlovchisi Vasiliy Utkin Instagram dagi sahifasida Ravshan Ermatovdan uning nomiga aytgan haqoratlari uchun kechirim so‘radi.
"Rovshan-aka, men siz bu voqeaga ahamiyat berishingizga ishonmayman. Agar sudya-rekordsmen bo‘lsangiz, va bu shunday, u holda uzoq yillar davomida o‘z nomingizga dunyoning barcha tillarida eng yomon haqoratlarni eshitib kelasiz, va ular hech qanday ahamiyatga ega emasligini bilasiz. Agar mening so‘zlarim nimasi bilandir farq qilsa, meni kechiring, Rovshan-aka", — deb yozgan sharhlovchi.
O‘zbekistonlik hakam 25-iyun kuni Ispaniya-Marokash terma jamoalari o‘rtasidagi bahsni boshqardi. Ushbu uchrashuvda durang natijaga qayd etdi.
O‘yinda yakuniy hushtak chalishiga sanoqli daqiqalar qolganda ispaniyaliklar burchakdan to‘p kiritadigan bo‘lishdi.
Burchakdan uzatilgan to‘pni Yago Alpas chiroyli tarzda darvozaga kiritadi. Ammo chiziqdagi hakam o‘yindan tashqari holat deb ko‘rsatadi. Shunda O‘zbekistonlik hakami Ravshan Ermatov erkin zarba amalga oshirish kerakligini ko‘rsatadi.
Biroq videoassistentlar ushbu holatni takroran ko‘rgandan so‘ng bosh hakam Ravshan Ermatovga bu gol qoida doirasida o‘rilganligini ma’lum qilishadi. Shundan so‘ng, Ermatov golni hisoblash haqida qarorni qilib, to‘pni markaz maydonidan o‘yinga kiritish kerakligini ko‘rsatadi.