TOShKENT, 26-iyun - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-iyun kuni avtomobil sanoatiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Yig‘ilishda O‘zbekiston avtomobil sanoatida to‘planib qolgan muammolar sanab o‘tildi.
Xususan, keyingi paytlarda ishlab chiqarish va eksport hajmi kamaygani, tarmoqning barcha darajadagi boshqaruvida korrupsiya, tovlamachilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar tomir otib ketgani tanqid qilindi.
Undan tashqari, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida qarzdorlik yuzaga kelgan. O‘tgan yili kompaniyaning bir nechta korxonasi faoliyatini zarar bilan yakunlagan. Avtomobillar yillar davomida o‘z tannarxidan past qiymatda eksportga sotilgan. O‘z navbatida, tannarxni tushirish bo‘yicha salmoqli ish qilinmagani aytib o‘tildi.
Shavkat Mirziyoyev avtomobilsozlikda mahsulot tannarxini kamaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, importni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Tarmoq korxonalarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish, avtomobillar ishlab chiqarish, ichki va tashqi bozorlarda sotish tizimini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda avtomobilsozlik tarmog‘ini yanada rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Uchinchidan, avtosalonlarning joylashishi va avtomobillar taqsimotini qayta ko‘rib chiqish, ichki bozorda avtomobillarni sotish tizimini tartibga solish masalalariga ham e’tibor qaratildi.