TOShKENT, 22-iyun — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkent tinch, poytaxtda "komendant soati" o‘rnatilmaydi, deya internetda tarqalib ketgan mish-mishlarga izoh berdi juma kuni Toshkent shahar IIBB rahbari o‘rinbosari, polkovnik Azizxon Umarxonov.
Hujjatda Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Xususan, Toshkent shahrida endilikda tunu-kun uch smenali patrul xizmati yo‘lga qo‘yilishi haqida ham aytib o‘tilgan. Ushbu xabarlardan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda "komendant soati o‘rnatilarmish" degan gap-so‘zlar tarqalib ketdi.
IIBB rahbari o‘rinbosari bu mish-mishlarni qat’iy inkor etdi.
"Hech qanaqa "komendant soati" o‘rnatilmaydi. Xudoga shukr, bizda tinchlik hukm surmoqda. Poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi quroldan uzoqlashmoqda. Endilikda xodimlarimizga jangovar qurol (to‘pponchalar) o‘rniga elektroshokerlar beriladi", — deya aniqlik kiritdi polkovnik va bo‘layotgan o‘zgarishlarning barchasi Toshkent aholisi hamda mehmonlarga qulaylik yaratish uchun amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qildi.
Yaqin-yaqingacha poytaxt ma’muriyati kechki soat 22.00 dan so‘ng fuqarolarni uydan chiqmaslikka, ya’ni uxlashga majburlardi — dam olish, ko‘ngilochar, ovqatlanish maskanlari yopilardi.
Mamlakatga sayyoh va turistlarni kengroq jalb etish siyosatining bir qismi sifatida ushbu taqiqlar olib tashlandi. Huquq-tartibot organlari o‘zlariga xos bosiqlik bilan mazkur jarayonga tezlik bilan moslashmagan ko‘rinadi. Qarorda ularning yangi yashash tarziga moslashtirish belgilangan.