TOShKENT, 15-may — Sputnik. Ukraina poytaxti Kiyev shahrida SBU (UXX) RIA Novosti Ukraina ofisiga bostirib kirdi, deb xabar qildi RIA Novosti.
Muassasa bilan bog‘lanilganda, ular "Rossiya Federatsiyasi nazoratida bo‘lgan mediatuzilmalarga" nisbatan tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilganlar.
Ukraina Xavfsizlik xizmati matbuot-kotibi Yelena Gitlyanskayaning so‘zlariga ko‘ra, "huquq posbonlari tomonidan ulardan tajovuzkor-mamlakat tomonidan Ukrainaga qarshi gibrid axborot urushi doirasida foydalanilganligi aniqlangan".
UXX operatsiya tafsilotlarini sal kechroq e’lon qilish va’dasini bergan.
Shuningdek, bugun ertalab Kiyevda RIA Novosti Ukraina xodimi Kirill Vishinskiy qo‘lga olingan.
"Rossiya segodnya" Xalqaro axborot agentligi Bosh direktori Dmitriy Kiselev Ukraina hukumatini Vishinskiyni zudlik bilan ozod etishga va OAVlarni ta’qib qilishni to‘xtatishga chaqirdi.
"Bu Kiyev asosiy huquq va erkinliklarni mensimay, jurnalistlarni ta’qib qilayotgan birinchi holat emas. Bizning hamkasbimiz Olesya Buzinaning o‘ldirilishi, Vasiliy Muraviskiyning ta’qib qilinishi shular qatorida. Biz Ukrainada jurnalistlarga nisbatan siquvlar to‘xtatilishida amaliy ko‘mak so‘rab xalqaro tuzilmalarga, shu jumladan, jurnalistik tuzilmalarga, OBSEga murojaat qilamiz", — dedi Kiselev.
Ukrainada jurnalistlarni siquvga olish holatlari bo‘yicha o‘nlab holatlarni sanab o‘tish mumkin. Rossiya TIV OBSE va Yevropa Kengashini, shuningdek, xalqaro tashkilotlarni Kiyev siyosatini qoralashga chaqirmoqda.
Ukraina hukumati tomonidan Rossiya OAVlari vakillari faoliyati ko‘plab marotaba cheklangan, xususan ularga mamlakatga kirish muntazam ravishda cheklanib kelingan. 2015-yilning mart oyida Kiyev davlat hukumat organlari qoshidagi 115ta Rossiya OAVlari akkreditatsiyasini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi.