TOShKENT, 1-may — Sputnik. Bugun, 1-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida "hukumat soati" o‘tkazildi. Mazkur amaliyot milliy parlament tarixida ilk bor tashkil etildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati.
"Hukumat soati"ga respublika aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishida hamda ichimlik suvini tejamkorlik bilan ishlatishda olib borilayotgan ishlar, shuningdek, aholini va tibbiyot muassasalarini arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash, ayniqsa, joylarda ijtimoiy dorixonalarni tashkil etish holatlari to‘g‘risidagi masalalar kiritilgan.
Ushbu masalalar yuzasidan deputatlarga axborot va ularning savollariga atroflicha javob berishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari mutasaddi rahbarlari taklif etilgan.
Tadbir davomida hukumat vakillari deputatlar tomonidan qo‘yilgan masalalar yuzasidan ma’lumot bergan.
Tadbir so‘ngida Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga ushbu sohalardagi amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etilgan, shu bilan birga mazkur yo‘nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olingan.
Ma’lumot uchun, "Hukumat soati"ni o‘tkazish an’anasi Vestminster tizimiga borib taqaladi, ammo keyinchalik butun dunyoda keng ommalashgan.
Misol uchun Yaponiya parlamentida ilk bor bunday amaliyot 1999-yilning 10-noyabrida qo‘llanilgan. O‘shanda tadbirga taklif etilgan Yaponiya Bosh vaziri Keydzo Obutiga berilgan savol "Siz nonushtaga nima yedingiz", tarzida jarang topgan.
Finlyandii har hafta o‘tkaziladigan "Hukumat soati" to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda berib boriladi.