TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Janubiy Koreyaning Woojintuplan Co. Ltd korxonasi Toshkentda maktabgacha ta’lim muassasalari uchun audio va video materiallar tayyorlashga ixtisoslashgan zamonaviy media-markaz yaratishda yordam beradi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Ushbu haqidagi o‘zaro anglashuv memorandumi O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi delegatsiyasining Janubiy Koreyaga bo‘lgan tashrifi davomida imzolandi.
Woojintuplan Co. Ltd kompaniyasi 4 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ingliz tili, matematika, dunyoning mashhur kishilari haqida hikoya qilib beruvchi audio va video materiallar tayyorlovchi media-markaziga ega. Kelajakda ana shunday media markaz O‘zbekistonda ham paydo bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, tashrif davomida O‘zbekiston Matabgacha ta’lim hamda O‘rta va maxsus ta’lim vazirliklari hamda Puchon universiteti orasida Toshkentda Janubiy Koreya OTMining filialini ochish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma imzolandi.
Puchon universiteti – Janubiy Koreyaning eng nufuzli oliygohlaridan biridir. Uning 26ta fakulteti bor. Universitet turli gumanitar va texnik yo‘nalishlar bo‘yicha bakalavr va magistr darajasida ta’lim beradi. Uning tarkibida maktabgacha ta’lim fakulteti ham bor.
Toshkent shahar ma’muriyati Puchon universiteti filiali qurilishi uchun Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan Pedagogika kolleji hududida joy ajratdi.
Rejaga ko‘ra, Puchon universiteti ushbu o‘quv yilidan boshlab talabalarni qabul qila boshlaydi. Birinchi yil 240 nafar talaba qabul qilinadi. Ular uch yillik balavriat dasturi bo‘yicha o‘qitiladi. Undan tashqari ushbu oliygoh huzurida bog‘cha ochilishi ham rejalashtirilmoqda.