TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Puchon universitetining (Janubiy Koreya) O‘zbekistondagi filiali qayerda joylashishi ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Poytaxt ma’muriyati yangi ta’lim muassasasi majmuasi qurilishi uchun Toshkentning Chilonzor tumanidagi pedagogika kolleji hududidan joy ajratdi.
Puchon universiteti professori Li Dong Vuk Toshkentdagi filialni tashkil etish bo‘yicha guruhga rahbarlik qiladi.
Filial shu yilning sentabrida dastlabki talabalarni qabul qilishi rejalashtirilmoqda. Bu yerda to‘rt yo‘nalish ochilib, birinchi yilda 240 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. Ular uch yillik bakalavriat dasturi bo‘yicha tahsil olishadi.
Yangi oliy o‘quv yurtining fakultetlaridan biri maktabgacha pedagogika va psixologiya sohasiga ixtisoslashadi. Qolgan uchta fakultet yo‘nalishlari hozircha aniq emas.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda ilk bor aynan mana shu oliygoh qoshida bolalar bog‘chalari tashkil etiladi. Ular ushbu sohani rivojlantirish uchun o‘ziga xos tajriba va ilmiy-amaliy maydoncha bo‘ladi, ularda jahonning ilg‘or tajribalari qo‘llaniladi.
Puchon universiteti Janubiy Koreyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan hisoblanadi. Bu yerda 26 fakultet mavjud. Maktabgacha ta’lim fakulteti va xorijlik talabalar uchun maxsus koreys tili markazi ham uning tuzilmasiga kiradi.