TOShKENT, 20 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda tashkil etilgan Maktabgacha ta’lim vazirligi rahbarini tayinladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
O‘zbekiston tarixida ilk bor ayol kishi, ilgari Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori bo‘lib ishlagan, senator Agrippina Shin maktabgacha ta’lim vaziri etib tayinlandi.
Yangi vazirlik shu yilning sentabri oxirida tashkil etilgandi. Vazirlik oldiga maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, ma’naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash vazifalari qo‘yilgan.
Bugungi kunda respublikada 4916 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatadi. Yaqin besh yil ichida yangilangan loyihalar bo‘yicha yana 50ta bolalar bog‘chasi qurish mo‘ljallangan. Shuningdek, bu davr mobaynida 1167 ta bolalar bog‘chasi rekonstruksiya qilinadi, 983 ta bog‘cha esa joriy ta’mirlanadi.