TOShKENT, 12 apr — Sputnik. O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga taksi xizmatlari ko‘rsatish huquqi beriladi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Bu borada "Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.
Endi, 2018-yil 1-iyundan boshlab yengil avtomobilga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor shaklida yo‘nalishli taksi sifatida yo‘lovchilarni tijorat asosida tashish huquqi beriladi.
Hozircha haydovchilarning yo‘nalishga chiqishdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va uning avtomashinasi texnik ko‘rikdan o‘tish masalalari noaniq bo‘lib turibdi.
Hozirgi kunda respublikada taksi parklarda barcha haydovchilar yo‘nalishga chiqishdan oldin bu tadbirlarni amalga oshirish zarurligi to‘g‘risida tartib amal qiladi.
Shu bilan birga, bir oy oldin O‘zbekiston avtomobil transport agentligi rahbar xodimlari jismoniy shaxslarga yo‘lovchilarni tashish huquqini berish masalasini ko‘rib chiqilmayoganligini ta’kidlagandilar.
Bunday holatda bu kabi xizmatlarning sifati va xavfsizligini nazorat qilish qiyin bo‘ladi.
Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, yo‘lovchilarni tashish huquqi faqat litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga ruxsat beradi.
Taksi haydovchisi sifatida ishlashga istak bildirgan avtoulov egalari ushbu turdagi transport xizmatlarini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxs bilan mehnat shartnomasini tuzishi zarur.
Shundan so‘ng, TT seriyali maxsus nomerni olish maqsadida o‘zining avtoulovini yuridik shaxsga notarial tartibda rasmiylashtirib berishi kerak. Buning natijasida avtoulov egasi ishga qabul qilinib, mehnat daftarchasini oladi.