TOShKENT, 10 apr – Sputnik. O‘zbekistonda 1-maydan boshlab qarzdorlarga chet elga chiqish va bank xizmatlari ko‘rsatish ta’qiqlanishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida joylashtirilgan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, 2018-yilning 1-mayidan boshlab O‘zbekistonda “Qarzdorlar ma’lumot bazasi” tashkil qilinadi.
Ushbu bazaga kiritilgan ma’lumotlar barcha uchun ochiq bo‘lib, unga kiritilgan shaxslarga chet elcha chiqish, kredit berish, sug‘urtalash, lizing xizmatlari ko‘rsatish va yirik summali shartnomalar imzolash ta’qiqlanadi.
Qarz miqdori eng kam ish haqqining 2 baravaridan ko‘p bo‘lgan jimoniy shaxslar va 5 baravaridan ko‘p bo‘lgan yuridik shaxslar “Qarzdorlar bazasiga” kiritiladi.
Qarz sifatida — fuqaroning qonuniy majburiyati bo‘lgan, lekin u amalga oshirmagan har qanday to‘lov, jumladan kommunal xizmatlar, elektr, gaz va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar hisoblanadi.
Yirik summali shartnomalar deganda – qonunda bo‘lgilangan tartibda, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va notarial tasdiqlash kerak bo‘ladigan shartnomalari tushuniladi. Masalan, uy, avtomobil yoki boshqa narsalar sotib olish, sotish.
Yuqorida keltirilgan cheklovlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun “Qarzdorlar bazasiga” kiritilgan vaqtidan boshlab undan chiqarish vaqtiga qadar amal qiladi.