TOShKENT, 7 apr — Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor baliqchilikni rivojlantirish uchun "Baliq ishlab chiqaruvchi" erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
O‘zbekiston prezidentining qaroriga ko‘ra, EIZ Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hududida tashkil etiladi.
"Baliq ishlab chiqaruvchi" EIZning asosiy vazifalari ishlab chiqarish, sun’iy suv havzalarini baliqlantirishni yanada rivojlantirish va baliqchilik xo‘jaliklarini ta’minlash uchun baliqning yangi va sinalgan turlarini iqlimlashtirish orqali naslli baliq chavoqlarini yaratish hamda nasldor baliq lichinkalari yetishtiruvchi zamonaviy inkubatsion sex faoliyatini tashkil etish, baliq chavoqlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, mavjud baliq chavoqlarini yetishtiruvchi suv havzalarini modernizatsiya qilish va qayta ta’mirlash etib belgilandi.
Birinchi navbatda aholi ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, keyinchalik qo‘shni mamlakatlarga eksport qilish uchun baliqlarni qayta ishlash va baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish (konserva, ikra, baliq uni va boshqalar) bo‘yicha zamonaviy komplekslarni tashkil etish ham EIZning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Qarorga muvofiq, 2018-yil 1-noyabrga qadar yer va suv havzalaridan maqsadga nomuvofiq foydalanayotgan tabiiy va sun’iy suv havzalarini xatlovdan o‘tkaziladi hamda ularni tovar baliqlar va baliq chavoqlarini yetishtirishga jalb qilish choralari ko‘riladi.
EIZ hududida alohida soliq, bojxona va valyuta rejimi amal qiladi. Uning hududidagi korxonalarga kiritilgan investitsiya hajmidan kelib chiqqan holda yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi va boshqa majburiy to‘lovlar bilan bog‘liq imtiyozlar tatbiq etiladi.
Misol uchun, agar investor 300 mingdan 3 million dollargacha sarmoya kiritsa uch yilga, 3 milliondan 5 million dollargacha sarmoya kiritsa 5-yilga, 5 milliondan 10 million dollargacha sarmoya kiritsa 7-yilga va 10 million dollardan ortiq kiritsa 10-yil muddatga imtiyozlarga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda o‘tgan yili 85 ming tonna baliq yetishtirildi. Mamlakatda 3600 dan ortiq baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatadi, baliq yetishtiriladigan havzalarning umumiy maydoni 595 ming gektardan ortiqroqni tashkil etadi.
Shu bilan birga, o‘zbekistonliklarning baliq iste’mol qilish darajasi juda past. Masalan, Yevropa mamlakatlarida bir kishi yiliga o‘rtacha 35-40 kilogramm baliq iste’mol qilsa, O‘zbekistonda bu raqam 4 kilogrammdan oshmaydi.