TOShKENT, 5 apr – Sputnik. Tailandda Berita Muslim Life jurnalining O‘zbekiston, uning tarixi va bugungi taraqqiyotiga bag‘ishlangan maxsus soni nashr etildi. Bu haqda "Jahon" AA xabar berdi.
Ingliz va tay tillarida chop etilgan jurnaldan o‘rin olgan turkum maqolalarda O‘zbekiston prezidenti Ispaniyaning yetakchi tahliliy markazlaridan biri — Barselona xalqaro munosabatlar markazi (CIDOB) tomonidan e’lon qilingan xalqaro vaziyatga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan 40 nafar inson ro‘yxatiga ikki marta (2016 va 2017-yillarda) kiritilgani aytiladi.
"Bugun O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida "alohida bahor"ni kechirmoqda. U o‘z faoliyatining birinchi kuni davomidayoq barcha taxmin va qoliplarni sindirib mamlakatning ochiqlik jarayoni tashabbuskori bo‘ldi. O‘nlab siyosiy mahbuslar ozod qilindi, qariyb uch ming kishi afv etildi, minglab kishilar maxsus xizmatlarning "qora ro‘yxati"dan o‘chirildi, matbuot esa ilgari taqiqlangan mavzularni ko‘tarib chiqa boshladi. Bularning bari qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha diplomatik tashabbuslar bilan birgalikda mamlakat ichkarisida va uning tashqarisida ham ko‘pchilik kutmagan nekbinlikni uyg‘otib, O‘zbekistonda yangi muhitni yaratdi", deya reyting tuzuvchilardan iqtibos keltiriladi jurnalda.
Nashrda e’lon qilingan materiallarda O‘zbekiston qadimiy tamaddun maskani ekanligi, uning ko‘plab shaharlari Buyuk Ipak yo‘lida joylashgani qayd etiladi.
Yana bir maqolada O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va chorvachilikda ulkan salohiyat va foydali tajribaga ega ekanligi e’tirof etilgan. Hozirgi kunda respublikada iqtisodiyotning turli sektorlariga xorij investitsiyasi kirib kelishiga sabab bo‘layotgan bir nechta erkin iqtisodiy zonalar faoliyat yuritayotgani ta’kidlangan.
Ta’kidlanishicha, "Berita Muslim Life"ning maxsus soni Tailand jamoatchiligini O‘zbekiston taraqqiyotidagi so‘nggi o‘zgarishlar bilan tanishish hamda mamlakatni ma’rifiy va ziyorat turizmining yangi yo‘nalishi sifatida o‘zlari uchun kashf etish imkoniyatini yaratib beradi.