TOShKENT, 15 mar – Sputnik. Normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining "To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda qo‘yiladigan umumiy talablarga ko‘ra, to‘y-hashamlar soat 10:00 dan 23:00 gacha, osh berish marosimlari soat 12:00 dan 15:00 gacha o‘tkaziladi. Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
To‘y-hashamlarda 150 nafargacha, osh berish marosimlarida 200 nafargacha kishi qatnashadi.
Dafn etish va motam marosimlarida cheklanmagan miqdorda fuqarolar ishtirok etishi mumkin, osh berish marosimlari bundan mustasno.
Oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda quyidagi talablarga rioya etilishi shart: nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash nuqtayi nazaridan 2 tadan ko‘p bo‘lmagan yengil avtomashinadan foydalanish, oilaviy tadbirlarda pullik avtotransport xizmati faqat litsenziyaga ega bo‘lgan tashuvchilar tomonidan ko‘rsatilishi.
Oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma’ruza din sohasi vakili tomonidan amalga oshiriladi.
Din sohasi vakiliga adliya organlarida ro‘yxatga olingan diniy tashkilot, diniy ta’lim muassasasida ishlaydigan, diniy bilimga ega shaxs, masjid imom-xatibi va noib-imomi kiradi.
Oilaviy tadbirlarda litsenziyalanadigan faoliyat turidan foydalanilgan taqdirda, litsenziyali xizmat ko‘rsatadigan jismoniy va yuridik shaxslar to‘yxona, kafe, restoran ma’muriyatiga va ushbu xizmatdan foydalanuvchilarga bu kabi xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beruvchi litsenziyaning nusxasini taqdim etadi.
Litsenziyaga ega bo‘lmagan jismoniy va yuridik shaxslarga oilaviy tadbirlarda xizmat ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
"Tanishuv", "sep yoydi", "quda tanish", "ota ko‘rdi", "ota keldi", "charlari", "quda chaqirdi", "kuyov chaqirdi", "kelin chaqirdi", "kuyov navkari", "kelin navkari", "kelin salom", "tog‘ora yuborish" va shu kabi boshqa tadbirlarni o‘tkazish man etiladi. Shuningdek, "pul qistirish", "pul sochish", odobsiz shoular, "sevgi tarixi" ("Love story") kabi axloq-odobga zid bo‘lgan boshqa holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq milliy qadriyatlarimiz va muqaddas dinimiz qoidalariga zid bo‘lgan ortiqcha tadbirlarni o‘tkazish man etiladi.
To‘yxona, kafe va restoranlarda oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda oilaviy tadbir ishtirokchilari soni, ularni o‘tkazish vaqtiga rioya etilishi, avtotransport vositalarini saqlash joylariga ega bo‘lishi, atrofda yashovchi aholining tinchligi va osoyishtaligini buzmaslik, shuningdek, maishiy shovqinga yo‘l qo‘yilmasligi hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi va oziq-ovqat mahsulotlari sifat talablari darajasida bo‘lishi lozim.
To‘yxona, kafe va restoranlarda 50 kishi va undan ortiq shaxslar ishtirokida o‘tkaziladigan oilaviy tadbirlar uchun tadbir o‘tkazuvchi shaxs va to‘yxona, kafe va restoran rahbari o‘rtasida shartnoma tuziladi. Shartnomada tomonlarning huquq va majburiyatlari, ish hamda xizmat turi, to‘lov, xarajatlar miqdori, tadbir ishtirokchilari soni, muddati hamda amaldagi qonunchilikda belgilangan boshqa talablar ko‘rsatiladi.
Oilaviy tadbirlarda san’atkorlarning (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar) xizmat ko‘rsatishi qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Oilaviy tadbirlarda bir nafardan ortiq san’atkorning (guruhning) ishtirok etishi (xizmat ko‘rsatishi) man etiladi.
To‘yxona, kafe va restoranlar ma’muriyati oilaviy tadbirlar o‘tkazilayotganda tegishli xavfsizlik choralarini ta’minlashi shart.
Mahalliy hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar, soliq va FHDYo organlari oilaviy tadbirlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiradi.
To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar oilaviy tadbirlar o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik nazoratini, shuningdek, monitoringini amalga oshiradi.
Ichki ishlar organlari oilaviy tadbirlarni o‘tkazishga oid qonun hujjatlari talablari buzilganligi aniqlangan holatda tegishli shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi.
Qaror loyihasi 15-mart kuni muhokamaga qo‘yilgan bo‘lib, shu yilning 30-mart kuni muhokama yakunlanadi.
Fuqarolar loyihani muhokama qilishni boshlab yuborishgan bo‘lib, qaror borasida o‘z takliflarini bildirishgan. Jumladan, Sh.Baymuradov "to‘y va oilaviy tadbirlarda (motam marosimlaridan tashqari) 150 kishigacha, oshlarda 200 kishigacha ishtirok etishi mumkin deb belgilanganligi, lekin to‘yxonalarning sig‘imi 200 kishidan oshmasligi belgilanmayotganligini, ushbu holatni inobatga olish kerakligini yozadi.
Alisher Umarov spirtli ichimliklarni tarqatishda ularning turlari bo‘yicha cheklovlar qo‘yilishi lozimligini, ko‘pgina ko‘ngilsizliklar aynan shular oqibatida sodir bo‘layotganligini aytgan.
Talgat Agzamov esa osh berish marosimlarini qishloq joylarda nahorda berilishi maqsadga muvofiq bo‘lishini bildirgan. Uning fikricha, erta tongdan dehqonlar dalaga mehnat qilgani chiqib ketishadi. Shu bois marosimni o‘tkazib, so‘ng mehnat qilgani ketishgani ma’qul.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dabdabali to‘y-marosimlarni nishonlaydigan davlat mansabdorlarini tanqid qilgan, dabdabali to‘ylar qilish o‘rniga muhtojlarga yordam berishga chaqirgandi.