TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Bugun Buxoro viloyati Romitan tumanida ertalab 5 yarimdan soat 18.40gacha 90 nafar fuqaro tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rig‘i va umumiy holsizlik kabi kasallik belgilari bilan tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, ular "o‘tkir diareya, ovqatdan zaharlanish" tashxisiga gumon qilinib, shifoxonaga yotqizilgan.
Bemorlar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida ularning barchasi o‘z kasalliklarini 25-sentabr kuni oqshomda tuman markazidagi "Diyor" to‘yxonasida fuqaro Ikrom Xamrayev tomonidan o‘tkazilgan nikoh to‘yi dasturxoniga tortilgan tuxum barakni iste’mol qilish bilan bog‘lashgan.
Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o‘rganish, bemorlarga va mahalliy mutaxassislarga o‘z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul mutaxassislari, jumladan, respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori A.Xudayarov, respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi B.Almatov, Epidemiologiya — mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti direktori A.Abdushukurov va bir guruh yetakchi mutaxassislar Buxoro viloyati Romitan tumaniga yuborilgan.
Ayni paytda aksariyat bemorlarning ahvoli barqarorlashgan. Shu sabab sog‘lig‘i tiklangan 25 nafar fuqaroga uyiga ruxsat berilgan.
Ushbu epidemik vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan.