TOShKENT, 8 mar — Sputnik. O‘zbekiston qattiq maishiy chiqindilarni saralab jamlash tizimiga o‘tishga qaror qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri. Bu prezidentning “Sanitar tozalash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytib o‘tilgan.
Qattiq maishiy chiqindilarni saralab jamlash tizimi turli rangdagi chiqindi konteynerlarini o‘rnatishni talab qiladi. Odatda oq rangli konteyner – qog‘oz chiqindilari, havorang konteyner – plastmassa bo‘laklarini va sariq rangdagi konteyner esa — oziq-ovqat qoldiqlari uchun ishlatiladi.
Chiqindilarni saralab jamlash tizimi Toshkentda 2012 yildan buyon ishga tushirish rejalashtirilgan, lekin haligacha ishga tushirilmagan edi.
Yangi qabul qilingan hujjatda, ikki oy ichida O‘zbekistonda 2018-2021 yillarda maishiy chiqindilarni saralab jamlash tizimini ishga tushirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tayyorlanishi kerakligi, 2018-yilning 1-noyabridan esa qattiq chiqindilarni boshqarish borasida Milliy strategiya loyihasi tayyorlanishi kerakligi haqida aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Davlat Ekologiya qo‘ymitasida qattiq maishiy chiqindilarni alohida saralashdan butunlay voz kechish haqida so‘z yuritilgan edi. O‘shanda chiqindilarni qayta ishlash zavodlarida lazer nuri yordamida avtomatik ravishda saralash taklif qilingan edi.
O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasi sekin-asta yaratilmoqda. Oxirgi bir yarim yil ichida O‘zbekistonning 9 shahrida 1,2 million tonnadan ortiq chiqindilarni jamlash, saralash, tashib chiqish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo‘yicha klasterlar yaratildi.
Undan tashqari respublikada 13ta “Toza hudud” hududiy unitar korxonalari va ularning 174ta filiali tashkil qilinib, ular kerakli maxsus texnika bilan jihozlangan. Ushbu chorlalar aholiga sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatish hajmini 10 baravarga oshirdi.
Respublikaninng barcha aholi punktlarida 322ta yangi turdagi chiqindilarni qayta ishlash zavodlari qurib bitkazildi, axlat jamlash punktlari 2652ta zamonaviy konteynerlar bilan ta’minlandi, 97ta qattiq maishiy chiqindi poligonlari jihozlangan.